O’zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali
Qoraqalpog’iston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni ommaviy rivojlantirish, xalqimiz, ayniqsa yoshlar orasida sog’lom turmush tarzini keng targ’ib qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, xalqaro sport musobaqalarida munosib ishtirok etadigan, jismoniy tarbiya va sport sohasida oliy ta’lim dasturlarini amalga oshirish orqali yuksak ma’naviy-ma’rifiy sifatlarga, mustaqil fikrlash qobiliyatiga hamda jamiyatning ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojini ta’minlashga qodir yuqori malakali raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 noyabrdagi 924 sonli qarori asosida O’zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filiali tashkil etildi.
Qoraqalpog’istonda jismoniy tarbiya va sport sohasi bo’yicha oliy ma’lumotli mutaxassislarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash, xizmatlar va sog’lomlashtirish tarmoqlarini rivojlantirishning ilmiy-texnologik vazifalarini hal qilish uchun rivojlangan xorijiy davlatlar tajribalaridan foydalangan holda sport sohasiga yo’naltirilgan ilmiy amaliy tadqiqotlarni olib borish va innovatsiyalarni amalga oshirish, jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy va amaliy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy pedagogik va ilmiy tadqiqot ishlariga mutaxassislarni keng jalb qilish maqsadida respublika va xorijiy davlatlarning etakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorliklarni rivojlantirish, filialning ilmiy-pedagogik potentsialini uzluksiz oshirib borish uchun respublika va chet el oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlariga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali maqsadli ilmiy pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini yo’lga qo’yish O’zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialining asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Bugungi kunda O’zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialining 540 o’rinlik o’quv binosi, “Turon” sport kompleksi, sport zallari, axborot-resurs va axborot texnologiyalari markazlari talabalarning sifatli ta’lim olishi uchun xizmat qilmoqda. Talaba yoshlarga 3 nafar fan doktori, 10 nafar fan nomzodi, O’zbekiston va Qoraqalpog’iston xalq ta’limi a’lochilari, Qoraqalpog’iston Respublikasida xizmat ko’rsatgan yoshlar murabbiyi, sport ustasi va sport ustaligiga nomzod professor-o’qituvchilar ta’lim va tarbiya berib kelmoqda. Filialda ta’lim olayotgan talaba yoshlarimiz jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug’illanishi natijasida, sport musobaqalarida yaxshi natijalarga erishmoqda. Ular orasida xalqaro turnirlar, O’zbekiston va Qoraqalpog’iston kubogi va chempionatlarining g’olib va sovrindorlari ko’pchilikni tashkil etadi. 2019 yilning dastlabki choragining o’zida talabalarimiz qator xalqaro va respublika chempionatlarida, sport musobaqalarida munosib ishtirok etib, o’ndan ortiq medallarni qo’lga kiritishdi.
Filialda 2018-2019 o’quv yilida 7 bakalavr ta’lim yo’nalishida talabalar bilim olayotgan bo’lsa, 2019-2020 o’quv yilida 8 ta ta’lim yo’nalishiga, 2020-2021 o’quv yilidan bunga qo’shimcha 4 ta’lim yo’nalishiga, 2021-2022 o’quv yilida qo’shimcha yana 5 ta yo’nalishlari bo’yicha sportchi yoshlarimiz talabalikka qabul qilinadi. Umuman, hozirgi kunda ushbu ta’lim dargohida sportning 17 ta turi bo’yicha mutaxassislarni tayyorlash yo’lga qo’yilgan. 2022-2023 o’quv yilida qo’shimcha yana 3 ta yo’nalishlari bo’yicha sportchi yoshlarimiz talabalikka qabul qilinadi. Umuman, hozirgi kunda ushbu ta’lim dargohida sportning 20 ta turi bo’yicha mutaxassislarni tayyorlash yo’lga qo’yilgan.