Logo
O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali

OTMlarga akademik mustaqillik berilmoqda, ammo uning huquqiy asoslarini takomillashtirish zarur

So‘nggi paytlarda “oliy ta’lim tashkilotlariga akademik mustaqillik berildi” degan jumlani tez-tez eshityapmiz. Darhaqiqat, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham oliy ta’lim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega ekanligi mustahkamlab qo‘yildi. Oliy ta’lim tizimining xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritishi – uni ma’muriy boshqarishdan tortib to o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot jarayonini tashkil etishda akademik erkinlikka ega bo‘lishini taqozo etadi.

Akademik erkinlik oliy o‘quv yurti va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatining rivojlanishiga, professor-o‘qituvchilar va talabalarning o‘quv jarayonidagi mustaqilligini ta’minlashga, ushbu sohaga tashqi aralashuvni cheklashga xizmat qiladi. Shunday ekan, davlat oliy ta’lim tashkilotlarining akademik mustaqilligini ta’minlash masalasiga oid qonunchilikni ham takomillashtirish zarur. Chunki akademik erkinlik berilgan oliy ta’lim muassasalarining ayrim vakolatlari “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda aks etmagan.

Ayni masalalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Davlat oliy ta’lim tashkilotlarining akademik mustaqilligini ta’minlashning qonunchilik asoslari” mavzusidagi seminarda qizg‘in muhokama qilindi.  

Tadbirda ta’kidlanganidek, 2023-yilda oliy ta’lim tashkilotlari soni 213 taga yetdi (116 tasi davlat, 67 tasi nodavlat, 30 tasi xorijiy OTM filiallari). OTMning akademik mustaqilligini ta’minlash ta’lim sifatining o‘sishi, ilmiy-tadqiqot ishlarining rivojlanishi, ta’lim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasi, xalqaro ilmiy-tadqiqot aloqalarning kuchayishi, sog‘lom raqobat muhiti yaratilishiga katta imkoniyat yaratadi.  

Akademik mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalari o‘quv rejalari, o‘quv dasturlari, malaka talablarini kasbiy standartlar asosida tasdiqlash, ta’lim tilini hamda ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari xususiyatlarini inobatga olgan holda ta’lim olish shaklini hamda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun o‘qish davomiyligi muddatlarini belgilash vakolatiga ega. Shuningdek, doktoranturada to‘lov-kontrakt asosida o‘qish qiymatini belgilash, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan grant ajratish orqali doktoranturaga tanlov asosida kvotaga qo‘shimcha ravishda qabul qilish, doktorant va mustaqil izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilish tartibini tasdiqlash, ta’lim sifatini ichki nazorat qilish mexanizmlarini belgilash va joriy etish kabi vakolatlarga ham ega.

Ammo tahlillarga ko‘ra, bunday vakolatlar “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda aks etmagan. Seminarda aytib o‘tilganidek, ayni kunlarda davlat oliy ta’lim tashkilotlarining akademik mustaqilligini ta’minlash masalasiga oid qonunchilikni takomillashtirish Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan chuqur tahlil qilinmoqda. Mazkur seminarda ham ishtirokchilar oliy ta’lim tashkilotlarining akademik va moliyaviy mustaqilligiga oid normalarni “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga kiritish taklifini berdi.  

Seminarda shuningdek, ta’lim tashkilotlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishning huquqiy asoslarini yaratish, ma’muriy islohotlar doirasida ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimida bo‘lgan o‘zgarishlarni hisobga olgan holda ta’lim tizimini boshqarish organlari vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish masalalari muhokama qilindi.  

 

Muhtarama Komilova, O‘zA