Logo
O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali

Qaysi shaklda ta’lim olayotgan talabalarning 50 foiz kontrakti to‘lab beriladi?

Joriy yilning 7 iyunida Vazirlar Mahkamasining «Yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori qabul qilingan edi.

Qarorga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki shaklida, magistraturaning kunduzgi yo‘nalishida ta’lim olayotgan o‘quvchi-talabalarga to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlarining bir qismini qoplab beradi.

Mazkur xarajatlarni to‘lab berish yoshlar yetakchisining ijobiy tavsiyasi asosida «Yoshlar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda amalga oshiriladi. Shuni ham aytish o‘rinli, ikkinchi va undan keyingi mutaxassislik, qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotganlarga bunday imkoniyat berilmaydi.

Buning uchun talabalar Vasiylik kengashiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt) nusxasini taqdim etishi lozim. Bunda kontraktda o‘qishning belgilangan muddati va bir yil uchun to‘lov miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi talab etiladi.

Hujjatlar taqdim etilgandan keyin, Vasiylik kengashi uch ish kuni ichida murojaatni unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga ariza beruvchi yashab kelayotgan mahalladagi yoshlar yetakchisiga ko‘rib chiqish uchun yuboradi.

Mahalladagi yoshlar yetakchisi besh ish kuni ichida to‘lov-kontrakt xarajatlarini qoplash haqida tavsiyanoma beradi yoki rad etish to‘g‘risidagi xabarnomani Vasiylik kengashiga yuboradi. Bunda to‘lov-kontrakt xarajatlarini qoplashni rad etish haqida xabarnoma yuborilganda rad etish sabablari asoslanishi talab etiladi.

Murojaatni o‘rganish natijalari bo‘yicha Vasiylik kengashi tomonidan to‘lov-kontrakt xarajatlarini qoplash haqida qaror qabul qilingandan so‘ng uch ish kuni ichida belgilangan miqdordagi to‘lov-kontrakt mablag‘lari professional ta’lim yoki oliy ta’lim tashkilotining hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.

Shuni ham aytish joiz, ko‘pchilik opa-singillarimiz tomonidan qanday foizsiz kredit olish mumkinligi to‘g‘risida savollar kelib tushmoqda.

Moliya vazirligining ma’lum qilishicha, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan imtiyozli ta’lim krediti bo‘yicha garov va kafillik ham talab etilmaydi. Talaba va bank o‘rtasida 14 foizli ta’lim krediti ajratish to‘g‘risida shartnoma imzolanadi. Ushbu kredit bo‘yicha foiz stavkalari to‘liq davlat byudjetidan qoplanadi.

Ta’lim kreditini rasmiylashtirgan xotin-qizlar rasmiy o‘qish muddati tugaganidan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida rasmiylashtirilgan kreditning asosiy qarz qismini qaytaradi.

Imtiyozli ta’lim kreditini rasmiylashtirish uchun talabalar tijorat bankiga ariza berishi, kredit oluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati, ta’lim muassasasining to‘lov-kontrakt shartnomasi talab etiladi.

Shuningdek, kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri) yoki uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchining tijorat bankining kredit siyosati va ichki tartibiga muvofiq imtiyozli ta’lim krediti qaytarilishining ta’minoti bo‘yicha hujjati bo‘lishi shart.

Qarorlar ijrosini ta’minlash yuzasidan quyidagi 12 ta tijorat banki, ya’ni «Mikrokredit bank», «Asaka bank»; «Agrobank», «Xalq banki», «Ipoteka bank», «Qishloq qurilish bank», «Turon bank», «Oriyent finans bank» «Milliy bank» «O‘zsanoatqurilishbank» «Hamkorbank», «Aloqa bank»lar talabalarga foizsiz ta’lim krediti ajratish uchun Moliya vazirligi bilan bitim imzolagan.

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA