XVI YOZGI PARALIMPIYA O‘YINLARINING OCHILISH MAROSIMI BO‘LIB O‘TDI

Tokiodagi “Olimpiya” stadionida 24 avgust kuni XVI yozgi paralimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Dunyo xalqlari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik aloqalarini mustahkamlash, sog‘lom raqobat tamoyillarini rivojlantirishda sport musobaqalari, xususan olimpiya o‘yinlarining ahamiyati beqiyos. Jahonda yuz berayotgan murakkab epidemiologik vaziyatga qaramasdan XXXII yozgi olimpiya o‘yinlarini yuksak saviyada tashkil etgan Yaponiya bugun yana olam ahlining nigohini o‘z maydonlariga qaratdi.

Tokiodagi “Olimpiya” stadionida XVI yozgi paralimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda 162 davlatning matonat va iroda timsoli bo‘lgan parasportchilari “Bizning qanotlarimiz bor” shiori ostida o‘z mamlakatlari bayrog‘ini birin-ketin olimp stadioni uzra olib o‘tishdi. Jonajon Vatanimizning bayrog‘ini esa parakanoye bo‘yicha jahon chempioni Shahnoza Mirzayeva hamda para atletchimiz Muhammad Rixsimov Tokio maydonida baland tutib, O‘zbekiston nomini ulug‘ladi.

Ertadan paralimpiyaning murosasiz bahslariga start beriladi. Ilk musobaqalar parasuzuvchilar o‘rtasida 100 metrga batterflyay usulda suzish bo‘yicha o‘tkaziladi.

Paralimpiya o‘yinlarining ushbu yo‘nalishida mamlakatimiz sportchilaridan Shohsanamxon Toshpo‘latova, Nigora Mirzohidova, Muslima Odilova qizlar bahslarida ishtirok etsa, Islam Aslanov va Muzaffar Tursunxo‘jayev o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqalarda Vatanimiz sharafini himoya qiladi.

Eslatib o‘tamiz, XVI yozgi paralimpiya o‘yinlarida dunyoning 4400 sportchisi 22 sport turidagi medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi. Mamlakatimizning 48 nafar irodali parasportchisi esa 8 sport turining 55 yo‘nalishdagi sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilmoqda. Vakillarimizga kunchiqar yurtdagi murosasiz bahslarda omad tilaymiz.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA