Bugun, 27-oktabr kuni Nukus shahridagi Yoshlar markazining majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi tasarrufidagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha malakasini oshirish instituti tomonidan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va bilimini oshirish bo‘yicha sayyor qabul o‘tkazildi.

Tadbirda Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha malakasini oshirish instituti direktori, professor Ilxomjon Tursunaliyev, institutning ilmiy-metodik ishlari bo‘yicha direktori o‘rinbosari, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, PHD Zokir Rasulov, institutning o‘quv ishlari bo‘yicha direktori o‘rinbosari Asqar Amonov, institutning Nukus shahridagi filiali direktori Quanыshbay Mamutov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Adil Allanazarov ishtirok etishdi.
Sayyor qabul davomida xalq ta’lim, oliy ta’lim va sport ta’lim sohalari, shuningdek nodavlat ta’lim sohasida faoliyat iritayotgan jismoniy tarbiya va sport mutaxassislari, ya’ni o‘qituvchilar, murabbiylar va uslubchilar malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlash, ularning bilim ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Mazkur sayyor qabul O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan bo‘lib, asosiy maqsad joylardagi sohaga tegishli mavjud muammolarni aniqlash, hukumat tomonidan qonunchilikka o‘zgarish kiritayotganda yoki qonunosti hujjatlar tayyorlanayotgan jarayonda bevosita joylarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning fikr va takliflarini o‘rganish, ularni umumlashtirish va qonunosti hujjat loyihalariga kiritishdan iborat.
Qabul davomida so‘nggi vaqtlarda sport pedagogika sohasiga oid yangi farmon va qarorlarning mazmun mohiyati tushuntirilib o‘tildi, ishtirokchilar tomonidan o‘zlarining muammolari, fikr va tashabbuslari tinglandi. Murojaatlarning ko‘pchiligi joyida yechildi. Jumladan, Qozog‘iston Respublikasi bilan chegara hududida joylashgan Qo‘ng‘irot tumani, “Qoraqalpog‘iston” shaharchasida sport murabbiylari soni yetishmayotgani, markazdan jalb qilingan murabbiylarning ushbu olis hududda faoliyat olib borishga qiziqishi past bo‘lgani aytib o‘tildi, so‘zi davomida murojaat egasi “Qoraqalpog‘iston” shaharchasining o‘zida istiqomat qilayotgan mahalliy aholi orasida sportga ishtiyog‘i yuqori bo‘lgan yoshlar oz emasligini ta’kidlab o‘tdi. Ushbu murojaat yuzasidan Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha malakasini oshirish instituti direktori Ilxomjon Tursunaliyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun yana bir yengillik, ya’ni “Qoraqalpog‘iston” shaharchasi va Mo‘ynoq tumani yoshlari uchun kelasi yilda imtiyozli malakasini oshirish va qayta tayyorlash o‘quv kurslari tashkil etilishini aytib o‘tdi.
Bundan tashqari, sayyor qabul ishtirokchilari tomonidan bugungi kunda hududda sport ta’lim sohasini yanada takomillashtirish, mavjud muammolarning yechimini topish bo‘yicha bir qator fikr va takliflar bildirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va sport bosh boshqarmasining axborot xizmati.


