Psixolog haqidagi noto’g’ri tasavvurlar

Psixolog odamning «ichi»ini ko’ra oladi.

 Undan ehtiyot bo’lish kerak.

Yo’q. Psixolog odamga bir qarashda tashxis qo’yadigan qobilyatga ega emas. Universitetda ham bunday narsalar o’rgatilmaydi. To’g’ri, yuz ifodangiz, gavdangizni tutishingiz, kiyim va aksessuarlaringiz, gapirish tarzingizga qarab siz haqingizda tahminiy xulosalar qilishi mumkin. Ammo fikringizni o’qish qobilyatiga ega emas. Xavotirga hojat yo’q.

Psixolog sehrgarga o’xshaydi. Pulini to’lasang – har qanday muammongni bir seansda hal qilib beradi.

         Yo’q. Uzoq vaqt davomida shakllanib kelgan muammo birdaniga hal bo’lib qolmaydi. Bunga psixika ham tayyor bo’lmaydi hatto. Muammoga yechim qidirish haftalab, oylab davom etishi mumkin. Shuningdek, psixolog muammoni hal qilish vazifasini o’z bo’yniga olmaydi. Shunchaki o’zingiz yechim topa olishingizga yordam beradi.

 Psixolog – malakali manipulyator. Chalg’igan vaqtingizda sizni gipnoz qilishi, bildirmay tajribalar o’tkazishi mumkin.

Yo’q. Psixologda bunga xohish ham, qiziqish ham yo’q. U qulay vaziyatni poylab sizni sirli boshqarishga intilmaydi. Bundan naf ko’rmaydi. O’z ishini qiladi – mijozga yordam beradi, tamom.

Psixolog maslahat berishi kerak.

Bu eng keng tarqalgan noto’g’ri fikr. Haqiqiy psixolog maslahat bermaydi. To’g’ri, konsultatsiya davomida «Hislaringizni ko’rsata olishni o’rganing», «Shaxsiy chegaralaringizni buzishlariga yo’l qo’ymang» kabi maslahatlar berishi mumkin. Lekin «Eringiz bilan ajrashing», «Uyingizni soting» kabi maslahatlar bermaydi.

Psixolog muammongizni mohiyatini aniqlashga va unga yechim topishga yordam beradi. Asosiy mas’uliyat Sizdaligicha qoladi.

Psixolog ruhiy kasallarni davolaydi.

Yo’q. ruhiy kasallar bilan psixiatr, psixoterapevt shug’ullanishi mumkin, ular tibbiyot bo’yicha mutaxasislikka ega bo’ladi va dori yozib berish huquqi bor.

Psixolog esa sog’lom, ammo shaxsiy yoki ijtimoiy hayotida muammolari bor kishilar bilan ishlaydi.

Psixolog bilan gaplashish – do’sting bilan gaplashishga o’xshaydi.

Yo’q. Do’stingiz sizga hamdard bo’ladi, o’zini tajribasidan kelib chiqib maslahat berishi mumkin. Psixolog esa muammoga eng yaxshi yechim topishda ko’maklashadi, lekin o’z hayotidagi voqealar bilan sizning vaziyatingizni solishtirmaydi, bog’lamaydi.

Psixologga ahvol yomon bo’lgandagina boriladi.

Yo’q. Rivojlangan davlatlarda odamlar hayot sifatini yaxshilash uchun, yangi darajaga, bosqichga chiqish uchun ham psixologga borishadi. Bir joyda qotib qolish ham muammolarga sabab bo’lishi mumkin.

 Aygúl Allayarova,

O’zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali psixologi.