Respublika maxsus komissiyasi qaroriga izoh

Ma’lumki, respublika maxsus komissiyasi qaroriga asosan, 2022 yil 7 fevraldan boshlab barcha ta’lim tashkilotlarida o’quv jarayoni an’anaviy shaklga o’tkazilishi e’lon qilingan edi.

Mazkur xabar ijtimoiy tarmoqlarda turli xil talqin qilinib, keng jamoatchilik, ayniqsa talaba-yoshlar va ularning ota-onalari orasida ayrim tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

Talabalarga qulaylik yaratish, doimiy yashash hududidan ta’lim muassasalariga xavfsiz, tirbandliklarsiz etib kelishlari, joylarda avia va temir yo’l chiptalarini almashtirishdagi noqulayliklarning oldini olish hamda talabalarning ijara uylari va yotoqxonalariga ortiqcha qiyinchiliklarsiz joylashishlarini ta’minlash maqsadida oliy ta’lim muassasalarida o’quv jarayonlari 7 fevraldan 24 fevralga qadar bosqichma-bosqich ana’naviy shaklga o’tkaziladi. Bu oraliqdagi dars mashg’ulotlari ham masofaviy, ham an’anaviy shaklda olib boriladi.

Bu jarayon har bir oliy ta’lim muassasasining ichki imkoniyatlari, o’quv jarayonining hozirgi holati, mavjud shart-sharoitlarini inobatga olgan holda alohida reja-grafik asosida amalga oshiriladi. Bu haqdagi ma’lumotlar har bir ta’lim maskanining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlari orqali berib boriladi.

Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi 24 fevraldan boshlab o’quv yurtlarida ta’lim jarayonlari to’liq an’anaviy shaklda olib borilishini ma’lum qiladi.

Manba: Edu.uz.

Filial Matbuot xizmati.