Ravshan Ermatov Pekinda O‘zbekiston sport delegatsiyasi bilan uchrashdi

O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Pekinda boshlanayotgan qishki olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan sportchimiz Komiljon To‘xtayev bugun Yansinda o‘tadigan musobaqalar oldidan dastlabki mashg‘ulotlarga kirishdi.

Hamyurtimiz ilk mashg‘ulotlarni yevropalik sportchilar bilan birgalikda olib bormoqda.

Bugun, 4 fevral kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov Yansin shaharchasidagi O‘zbekiston sport delegatsiyasi joylashgan  sport majmuasida hamyurtlarimiz va sportchimiz Komiljon To‘xtayev bilan uchrashdi. Ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Pekin tog‘larida qor yog‘mayapti. Biroq texnika olamida ilgarlab ketgan xitoyliklar uchun bu muammo emas. Bellashuvlar bo‘lib o‘tadigan barcha trassalar sun’iy qor bilan qoplangan.

– Juda murakkab trassa. Undagi qorning ba’zi qismi muzga aylanib qolgani uchun tezlik yuqori. Bu tezkor tushish dasturlari uchun yanada murakkablik tug‘diradi. Hozirda bor e’tiborimni trassaga moslashib olishga qaratmoqdaman,– dedi Komiljon telefon orqali muloqotda.

Sportchimiz Pekin-2022 o‘yinlarining bahslarini 13 fevral  va 16 fevral kunlari o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, bugun Toshkent vaqti bilan 17:00 da Pekin shahridagi «Qush uyasi» nomli stadionda XXIV qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy mehmonlar safida qatnashishi kutilmoqda.

 O‘zA