Logo
O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali

Olimpiada o‘yinlarining ishtirokchisi Zaynab Dayibekova Qurolli Kuchlar safiga qabul qilindi

O‘zbekistonning qilichbozlik sporti turining yorqin yulduzi O’zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali talabasi Zaynab Dayibekova bugun yurtimizni dunyoga tanitayotgan umidli yoshlarimizdan biri sanaladi. Faxr va iftixor bilan aytishimiz mumkinki, yanvar oyida Zaynab Dayibekova Qurolli Kuchlar safiga qabul qilinib, Vatanga sodiqlik ontini ichdi. Endilikda harbiy sportchilar safida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug sport vzvodida xizmat faoliyatini yuritadi.

Zaynab Dayibekova qilichbozlik sport turi bo‘yicha yuksak natijalar ko‘rsatayotgan afsonaviy sportchilar qatoridan o‘rin olishga ulgurdi. Ta’kidlash joizki, Z.Dayibekova O‘zbekiston va Xalqaro toifadagi sport ustasi unvonlariga ega. “Shuhrat” va “Jasorat” medallari hamda “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Xalqaro sport musobaqalarida faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Ayniqsa, 2017 yili 9-10 sentyabr kunlari sportning qilichbozlik turi bo‘yicha Tayland davlatining Bangkok shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani O‘zbekiston qilichbozlarining xalqaro musobaqadagi dastlabki g‘alabasi hisoblanadi. Uning ushbu natijasi 2017 yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida munosib baholandi. 

Yaponiya poytaxti Tokio shahrida o‘tkazilgan XXXII Yozgi Olimpiada o‘yinlarida munosib ishtirok etib kuchli sakkizlikdan joy oldi.

“Kelgusida Mudofaa vazirligi sharafini munosib himoya qilgan holda O‘zbekiston bayrog‘ini jahon arenasida yuksak cho‘qqilarga olib chiqmoqchiman”, – deydi Zaynab o‘z intervyusida. 

O‘zbekiston o‘rnida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va sport bosh boshqarmasi nomidan sportchimizga yorqin g‘alabalar va yangi cho‘qqilarni zabt etishda muvaffaqiyat tilaymiz.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va sport bosh boshqarmasining axborot xizmati