Qishki paralimpiya o‘yinlarida Rossiya va Belarus sportchilari qatnashadimi?


Uch kundan so‘ng, ya’ni 4 mart kuni Pekinda XIII qishki Paralimpiya o‘yinlari boshlanadi. Dunyoning 49 ta mamlakatidan 650 nafarga yaqin para sportchilar ishtirok etishi kutilayotgan ushbu nufuzli o‘yinlar qanday tartibda o‘tadi?

Rossiya va Ukraina vakillari Pekin bahslarida qatnashish tartibiga oydinlik kiritildimi? 

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Rossiya va Belarus davlat ramzlaridan nufuzli musobaqalarda foydalanishga taqiq qo‘yganligi hamda har ikki davlat sportchilari betaraf holda qatnashishi lozimligi aytilayotgan jarayonda ularning Xitoy sport maydonlaridagi ishtiroki qanday bo‘ladi? 

Bugun dunyodagi bir qator sport nashrlari, internet tarmoqlarida shu kabi savollar yangarmoqda. Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi bu borada qanday yo‘q tutadi? 

Insidethegames saytining Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi(IPC) ma’lumotiga asoslanib xabar tarqatishicha, ushbu masalalarga ertaga, 2 mart kuni IPC Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida oydinlik kiritiladi. 

Yig‘ilishda shuningdek, Rossiya va Belarus parasportchilarini qishki Paralimpiya o‘yinlariga qo‘ymaslik bo‘yicha Ukraina, Daniya, Norvegiya olimpiya qo‘mitalari tomonidan yo‘llangan rasmiy murojaat ham ko‘rib chiqiladi. 

Joriy yilning 13 martigacha davom etadigan XIII  qishki Paralimpiya o‘yinlaridan Belarus va Rossiya parasportchilari mosuvo etilgan taqdirda ishtirokchilar soni va bahslarning murosasizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deya hisoblaydi Xitoy vakillari. 

Voqealar rivoji qay ko‘rinishda bo‘lishiga Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi ijroqo‘mining 2 mart kuni o‘tadigan yig‘ilishida oydinlik kiritiladi.  

T.Ro‘ziyev,
O‘zA