O‘qishini ko‘chirishda aldanayotgan talabalar

Keyingi paytda firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatchilik ko‘payib bormoqda. Mamlakatimizda bu holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, aholining huquqiy manfaatlarini himoyalash, barcha sohalarda korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Afsuski, olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlariga qaramay bu illat domiga tushib qolganlar hanuz uchrab turibdi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh davlat universitetida tahsil olayotgan 30 nafar talabaning o‘qishini O‘zbekiston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirib berish evaziga fuqarolardan 67 ming AQSH dollari olgan shaxslar qo‘lga olingan. 

Xo‘sh, nega oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish va ko‘chirish masalalarida firibgarlik ko‘paymoqda? Holbuki talabalar o‘qishini qonun normalariga mos ko‘chirish bo‘yicha alohida tartib joriy qilingan. Davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 22 iyunda qabul qilingan «2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida» gi qarori asosida talabalar o‘qishini ko‘chirishning yangi tartibi joriy qilingan.
Unga muvofiq, talabalar o‘qishini xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishda,  alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi. O‘tish ballari har yili 15 iyulga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

O‘tish balidan past ball to‘plagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi. Shuningdek, talabalar o‘qishini xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishga ruxsat etilmasligi belgilab qo‘yilgan. Xususan, 2021-2022 o‘quv yilida xorijiy oliy ta’lim tashkilotlaridan Respublika oliy ta’lim muassasalariga talabalar o‘qishini ko‘chirish uchun Farg‘ona viloyati bo‘yicha jami 13 ming 139 nafar talabgorlar onlayn ro‘yxatdan o‘tgan. Talabgorlarga test jarayonida xolislik va shaffoflikni ta’minlash uchun videokuzatuv kameralari orqali doimiy videokuzatuv o‘rnatildi, shaxsni identifikatsiyalash vositalari orqali talabgorlar ob’ektlarga kiritildi, onlayn rejimda test2021.uz sayti hamda test 2021 mobil ilovasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilishi natijasida har qanday tashqi aralashuvlarning oldi olindi.

Umuman olganda, talabalar o‘qishini ko‘chirish jarayoni inson aralashuvisiz, shaffof va adolatli amalga oshirilmoqda. Bu esa korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

 Jahongir Bobojonov,
Davlat test markazi Farg‘ona viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi

O‘zA