Boks bo‘yicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 noyabrdagi “Sport-ta’lim muassasalari faoliyatini 2025 yilgacha rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi PQ–5280-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 apreldagi PQ–5099-son qarori bilan tasdiqlangan Boksni 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, shuningdek, iqtidorli sportchilarni professional bokschilar sifatida tayyorlash, Olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimiz faoliyatini keng targ‘ib etish maqsadida:

1. Sportni rivojlantirish vazirligi tizimida Boks bo‘yicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabi (keyingi o‘rinlarda – boks maktabi) tashkil etilsin.

2. Quyidagilar boks maktabining asosiy vazifalari etib belgilansin:

zarur sport anjomlari va uskunalari bilan jihozlangan, zamonaviy xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan moddiy-texnika hamda o‘quv-mashg‘ulot bazalarini yaratish va turli darajadagi xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, universiadalar hamda boshqalarda O‘zbekistonning sharafini munosib himoya qilishga qodir bo‘lgan xalqaro darajadagi bokschilarni tayyorlash;

xalqaro darajadagi bokschilarni tayyorlash uchun yuqori malakali mutaxassis-trenerlar, psixologlar va uslubchilarni, shu jumladan, xorijiy mamlakatlardan yetakchi mutaxassislarni keng jalb etish orqali boks bo‘yicha trenerlar tarkibini mustahkamlash;

bokschilarning o‘quv-mashg‘ulot jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil etish, ilg‘or tajribani hisobga olgan holda, o‘quv-mashq jarayonlariga eng yangi ilmiy-uslubiy texnologiyalarni joriy etish yo‘li bilan ularni nazariy va texnik-taktik jihatdan tayyorlash sifatini muntazam oshirib borish;

bokschilarning professional fazilatlarini rivojlantirish, shuningdek, boksni rivojlantirishning xalqaro talablariga muvofiq holda O‘zbekiston milliy terma jamoalariga yuqori mahoratli bokschilarni tayyorlash;

yosh istiqbolli bokschilarni tanlash va tarbiyalash masalalari bo‘yicha bolalar-o‘smirlar sport maktablari, ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari, olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari, olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari, boks bo‘yicha oliy sport mahorati maktablari, sport yakkakurashlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi va boshqa sport-ta’lim muassasalari bilan uzluksiz hamkorlikni amalga oshirish;

boks bo‘yicha milliy terma jamoalar va ularning zaxiralari ishtirokida o‘quv-mashq yig‘inlari, respublika va mintaqaviy sport musobaqalarini tashkil etish hamda muntazam ravishda o‘tkazib borish, trenerlar hamda bokschilarning kasb mahorati darajasini oshirish uchun tajriba almashish bo‘yicha xorijiy boks maktablari, klublari va markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

boks maktabi o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 iyundagi “Sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 410-son qarorida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiradi, shu jumladan, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan umumta’lim davlat sport-ta’lim muassasasi hisoblanadi;

boks maktabi o‘z faoliyatini 2022/2023 o‘quv yilидaн boshlaydi;

boks maktabi o‘quvchilarining umumiy kontingenti jami 175 nafarni tashkil etib, ular 5-11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi;

boks maktabi o‘quvchilarini umumta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish ularga eng yaqin joylashgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida amalga oshiriladi;

boks maktabi o‘quvchilarini yashash uchun jihozlar, sutkalik oziq-ovqat normasi, sport kiyim-boshi va anjomlari, forma bilan ta’minlashda oliy mahorat sport maktablarining normativlari tatbiq etiladi;

boks maktabi o‘quvchilarini tekin (imtiyozli) ovqatlantirish xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar to‘lovi undirilmaydi hamda o‘quvchilar to‘liq Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan oziq-ovqat bilan ta’minlanadi;

boks maktabi direktori, uning o‘rinbosarlari, trener-o‘qituvchilar, yo‘riqchi-uslubchilar, tarbiyachilar mehnatiga haq to‘lash hamda maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari va tarbiyachilar mehnatini rag‘batlantirish Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 275-son qaroriga muvofiq;

boks maktabi direktori, uning o‘quv va sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, trener-o‘qituvchilar, yo‘riqchi-uslubchilar, tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 23 sentyabrdagi “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 211-son qaroriga muvofiq;

boks maktabi tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 276-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

4. Quyidagilar boks maktabini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Davlat byudjeti mablag‘lari;

faoliyat ixtisosligi bo‘yicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan va maktabning ustavidagi vazifalarga muvofiq bo‘lgan boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;

asosiy mashg‘ulotlar o‘tkazilmaydigan vaqtda bo‘sh turgan mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan daromadlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov):

a) uch oy muddatda:

boks maktabining ustavini tasdiqlash, shuningdek, uni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;

boks maktabini zamonaviy pedagogik texnologiyalarni egallagan malakali pedagog kadrlar hamda trenerlar bilan bosqichma-bosqich to‘ldirish choralarini ko‘rsin;

b) O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston boks federatsiyasi bilan birgalikda boks maktabida sportchilarni tayyorlash sifati yuzasidan doimiy davlat nazoratini amalga oshirsin;

v) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda boks maktabining boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarining shtat jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

g) Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchilarini boks maktabida shug‘ullanish uchun jalb etish choralarini ko‘rsin.

6. Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Qurilish vazirligi va Toshkent shahar hokimligi 2022 yil 1 avgustga qadar Toshkent shahar, Yunusobod tumani, 9-mavzeda joylashgan 259-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi hududida zamonaviy boks maktabi tashkil etilishi va jihozlanishini ta’minlasin.

Boks maktabini tashkil etish va jihozlash uchun Davlat byudjetidan jami 25 milliard so‘m yo‘naltirilsin.

Vazirlar Mahkamasi Sportni rivojlantirish, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Moliya vazirliklari bilan birgalikda mazkur band talablaridan kelib chiqib 2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining tegishli parametrlarini qayta ko‘rib chiqsin.

7. Qurilish vazirligi (B.Zakirov) boks maktabining loyiha hujjatlari ishlab chiqilishida eng maqbul me’moriy hamda texnik yechimlar qo‘llanilishini, maktabni innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurishshinamlik va ekologik xavfsizlik talablariga muvofiqlik yuzasidan loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.

8. Moliya vazirligi boks maktabi faoliyatini saqlash bilan bog‘liq zarur mablag‘larni 2022 yil respublika byudjetida ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida, 2023 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutishni ta’minlasin.

9. Sportni rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov hamda Toshkent shahar hokimi J.A.Artikxodjayev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

        O‘zbekiston Respublikasi

                   Prezidenti                                                       Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2022 yil 14 mart