Talaba o’qishi davomida harbiy xizmatga borib kelishi mumkinmi?

Har bir balog’atga etgan yigit uchun Vatan oldida o’z burchini o’tash sharaflidir. Harbiy xizmatni o’taganlarning aksariyati esa harbiy ta’limga ixtisoslashtirilgan oliy o’quv yurti talabasi bo’lishni orzu qiladi.

Oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan talaba o’qish jarayonida  bir oylik harbiy xizmatga borib kelishi mumkinmi? 

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo’lib o’tgan brifingda  Mudofaa vazirligi axborot xizmati rahbari Otabek Yo’ldoshev mazkur savolga  javob berdi.

– «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq oliy ta’lim muassasasi talabalari o’qiyotgan davrida o’z xohishiga ko’ra harbiy hisobda turgan mudofaa ishlari bo’limlarida safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga o’tishlari mumkin.

Talaba  harbiy xizmat uchun belgilangan pul badalini to’liq to’lab bo’lganidan so’ng, yozgi ta’til vaqtida, ya’ni yilning iyul-avgust oylarida oylik harbiy yig’inlarga borib kelishi mumkin.

Ma’lumot o’rnida ta’kidlash lozimki, «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunining 6-moddasida fuqarolar SChR xizmatini 18 yoshdan 27 yoshga qadar o’tashlari belgilab qo’yilgan.

Shunga muvofiq,  SChR pul badalini to’liq to’lagan fuqarolar 27 yoshga to’lgunga qadar oylik harbiy yig’inga jalb etiladi.

Shuningdek, mazkur qonunning 6-moddasiga muvofiq, SChR pul badalini to’lab, oylik harbiy yig’inga jalb etilmagan fuqarolar 27 yoshga to’lishi bilan SChR xizmatchilari hisobidan chiqariladi va Qurolli Kuchlar zaxirasiga o’tkaziladi.

M.Toshqoraeva, O’zA