Voleybolning O‘zbekistondagi holati: sportchilarimizning jahon maydoniga chiqish imkoniyati qanday?

Voleybol dunyodagi eng ommaviy sport turlaridan biri sanaladi. Jahonda bukmekerlar o‘rtasida eng mashhur kompaniyalardan biri hisoblangan «Ligalbit»ning ma’lumotiga ko‘ra, voleybolga qiziquvchilar, o‘yinlarni bevosita tomosha qiluvchilar 900 million nafardan ortiqni tashkil etadi.

Yana bir e’tiborli holat. bugungi kunda Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA)ga tegishli milliy federatsiyalar 221 tani tashkil etsa, milliy voleybol federatsiyalari 222 ta ekanligi ham mazkur sport turining qamrovi qanchalik keng ekanligini ko‘rsatmoqda.

Xo‘sh, jahon sport turlari orasida eng tomoshabop voleybolning O‘zbekistondagi holati qanday? Mamlakatimiz voleybolchilarining erishayotgan yoki erishajak natijalari qaysi musobaqalarda yaqqolroq ko‘rinish olmoqda? Mamlakatimiz xalqaro voleybol olamida qaysi pog‘onani egallab turibdi? Joriy yil Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlarida voleybol bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoasining ishtirok etish imkoniyatlari qay darajada? O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Husan Nasrullayev bilan shu haqda suhbatlashdik.

– bugungi kunda yurtimizda qancha sportchi voleybol bilan shug‘ullanadi?

– Bir paytlari voleybol yurtimizda eng ommaviy sport turlaridan biri sanalardi. Har bir maktabda, mahallada, aholi maskanlarida voleybol maydonchalari bo‘lardi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan sohaga e’tiborsizlik, sport jihozlarining yetishmasligi natijasida joylardagi maydonchalar e’tiborsiz holatga keldi. 2017 yili Prezidentimiz tomonidan «O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorning qabul qilinishi, aholini o‘yin sport turlariga jalb etish borasida imzolagan boshqa davlat dasturlari, «yo‘l xarita»lari asosida voleybol sport turining yelkasiga shamol tegdi. 2016 yilgi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda 25 ming nafar yoshlar voleybol bilan shug‘ullanadi, deya ko‘rsatilgan. Aslida o‘sha paytlarda umumiy holatda voleybol bilan shug‘ullanuvchilar soni 15 mingga ham yetmasdi. Bugun vaziyat umuman boshqacha. 2021 yilgi aniq ma’lumotlarga ko‘ra, 49 ming nafarga yaqin o‘smir va yoshlar turli ta’lim va sport muassasalarida voleybol bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. 250 ming nafarga yaqin aholining turli qatlamlari o‘z sog‘ligini tiklash va kunlik bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida voleybol o‘ynaydi.

– Avvallari o‘quv yurtlaridagi, maktablardagi sport majmualarini, sport zallarni voleybol va basketbolsiz tasavvur etolmasdik. Hozir bu holat biroz boshqachadek. Maktablarda, o‘quv yurtlarida voleybolning o‘sha ommaviy holatiga qaytish uchun nima ishlar qilinmoqda?

– Hozirgi kunda ham o‘quv yurtlaridagi va maktablardagi sport majmualari sport zallarida voleybol ta’lim standartlaridan o‘rin olgan. Dars va darsdan tashqari to‘garaklarda mashg‘ulotlar olib boriladi. Ayniqsa, bugungi kunda biroz tanaffusdan so‘ng tuman, shaharlaru, qishloqlarda, xalq orasida ommaviy voleybol o‘yinlarini tashkil etish yana urfga kirib bormoqda.

– Keyingi 1-2 yilda mamlakatimiz voleybolchilarining Osiyo qit’asidagi musobaqalardagi ishtiroki biroz jonlandi. Ma’lum bir yutuqlarga ham erishilmoqda. Kelgusi rejalar qanday?

– 1991 yilgacha yurtimizda turli darajadagi nufuzli musobaqalarda ishtirok etib kelgan sportchilar soni kam bo‘lsa-da, ular orasidan xalqaro turnirlar, jahon chempionatlari ishtirokchilari, hatto Olimpiya o‘yinlari chempionlari yetishib chiqqan. Mustaqillik davrida terma jamoalarimiz imkon qadar xalqaro musobaqalarda ishtirok etdi. Natijalar u qadar yuqori bo‘lmagan. 2021 yildan boshlab O‘zbekistonda voleybol sport turini yangi pog‘onaga olib chiqish, Osiyo va xalqaro maydonda o‘z o‘rnini qaror toptirish maqsadida tizimli reja ishlab chiqildi. Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Olmaliq kon metallurgiya kompaniyasi yordami bilan 2021 yilda 530 dan ortiq respublika va 8 ta xalqaro musobaqalarda ishtirok etishga muvaffaq bo‘lindi. Bundan tashqari, terma jamoalarimiz uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari ham tashkil etila boshlandi.

Buning natijasida erkaklar va ayollar hamda yoshlar o‘rtasidagi Markaziy Osiyo chempionatida 2 ta 1-o‘rin, 2 ta 2-o‘rin, 3 ta 3-o‘rin, erkaklar o‘rtasida Osiyo chempionatida 12-o‘rin, klublar o‘rtasida Osiyo chempionati 9-o‘rin, Markaziy Osiyo chellenj kubogi ayollar jamoasi 2-o‘rin, erkaklar esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritishdi. bugungi kunda ushbu natijalar tufayli O‘zbekiston Osiyoda 65 davlat orasida 24-o‘rinni, dunyo reytingida 222 davlatlar ichida ayollar 120-o‘rin, erkaklar jamoasi 87-o‘rinni egallab turibdi. Shu o‘rinda aytish kerakki, 2016-2018 yillar mamlakatimiz voleyboli qit’a va jahon reytingida oxirgi o‘rinlarda kelayotgandi. 2022 yilda yosh toifalari bo‘yicha yurtimiz terma jamoa a’zolari 5 ta kompleks musobaqalar, 6 ta Osiyo konfederatsiyasi hamda 6 ta Markaziy Osiyo musobaqalarida ishtirok etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, shu yilning o‘zida 50 ga yaqin klassik va sohil voleyboli bo‘yicha respublika musobaqalari o‘tkazilishi belgilangan.

– Voleybolchilarimizning yaqin yillarda jahon chempionatlarida qatnashish imkoniyati qanday?

– O‘tgan yili Osiyo voleybol federatsiyasi tizimida samarali harakatimiz natijasida 17 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi qit’a chempionatini o‘tkazish huquqini O‘zbekiston qo‘lga kiritdi. Bu, yoshlar terma jamoamiz uchun jahon chempionati final bosqichiga chiqish uchun qulay imkoniyat.

– 2021 yili O‘zbekistonda qit’a miqyosidagi 1-2 ta xalqaro musobaqa o‘tkaziluvdi. Bu yil 3 ta qit’a darajasidagi nufuzli musobaqalarga O‘zbekiston mezbonlik qiladi. Ushbu nufuzli turnirlarni xorijiy mamlakatlarga translyatsiya ishlari qanday hal etilmoqda?

– Bu borada hozirgi kunda respublika musobaqalari yutub va feyesbuk kanallari orqali voleybol ishqibozlariga havola etilmoqda. Qit’a chempionatlari esa shu yildan boshlab xalqaro mutaxassislar bilan hamkorlikda butun dunyoga efirga uzatilishi yuzasidan muzokara olib bormoqdamiz. Rejalar bisyor, lekin bu masalalarni hal etishda homiylarni jalb etgan holda mablag‘ bilan ta’minlash muammolari ham yo‘q emas.

– O‘zbekiston milliy terma jamoalarining yetakchi mamlakatlarning terma jamoalari, alohida klublar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazish borasida qanday rejalar qilinmoqda?

– bugungi kunda erkaklar milliy terma jamoalari a’zolaridan Islomjon Sobirov Turkiya va Indoneziyada, uning akasi Ahror Sobirov Ruminiya klubida, Bunyodbek Husinov esa Qozog‘iston klubida legioner sifatida faoliyat yuritmoqda. Kuchli jamoalar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari bo‘yicha Eron va Qozog‘iston davlatlari bilan kelishuvga erishgan bo‘lsak, 2022 yili bo‘lib o‘tadigan Osiyo chellenj kubogi va klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionatlari davrida vakillarimizning mahoratlarini oshirish uchun qulay imkoniyat hisoblanadi.

– Bu yil Xitoyda yozgi Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladi. Yurtimiz voleybolchilarining mazkur o‘yinlarda qatnashish imkoniyati bormi?

– Avvalo ko‘proq musobaqalarda ishtirok etish, malakali trenerlar tarkibi, sportchilarning vitamin ta’minoti, tibbiy ko‘riklari va jismoniy holatini saqlab turish masalalarida moliyaviy tanqislik bo‘lmasligi lozim. Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston erkaklar va ayollar milliy terma jamoasi to‘liq tarkib bilan ishtirok etish uchun talabnoma berilgan va ushbu musobaqalarda munosib qatnashish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanamiz, degan umiddaman.

– Bu yo‘lda mamlakatimiz voleybolchilariga omad tilaymiz. Mazmunli suhbat uchun tashakkur!

To‘lqin Ro‘ziyev suhbatlashdi, O‘zA