O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari qachon bekor qilinadi?

Ma’lumki, oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha har yili davlat buyurtmasi parametrlari qabul qilinadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari bekor qilinishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Davlat test markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda “Umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini unifikatsiya qilish va yagona imtihonni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi tayyorlangan.

Mazkur qaror loyihasida dastlab tajriba-sinov tariqasida Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan hududdagi umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining, keyinchalik esa barcha umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari unifikatsiya qilinib, yagona test sinovlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, qaror loyihasida avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatganlar belgilangan muddatlarda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar va majburiy fanlardan test sinovlari topshirishi belgilangan.

Imtihonlar unifikatsiya qilinishi OTMlarga kirish imtihonlarining to‘liq bekor bo‘lishini anglatmaydi. Balki umumta’lim muassasalari bitiruvchilari 2 marotaba imtihon topshirish (yakuniy davlat attestatsiyasi va OTMlarga kirish test sinovlari) o‘rniga yagona test sinovi orqali yakuniy davlat attestatsiyasini topshirib, shu test natijasi bilan OTMlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishini bildiradi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, unifikatsiya bo‘yicha qaror tegishli organga kiritilgan. Agar bu tasdiqlansa, kirish imtihonlaridan voz kechib, bosqichma-bosqich maktablarda olinadigan imtihonlar hisobiga bolalarni OTMlarga qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi. Masalan, to‘rtta viloyat tanlab olinib, birinchi bosqichda shu viloyatlarda o‘tkazish masalasi ko‘riladi. Keyinchalik qolgan hududlarda ham bu amalga oshiriladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA