BIZNING FAXRIMIZ

O’zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali Psixologiya (sport) yo’nalishi 2-bosqich talabasi «2021 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo’lib o’tadigan XXXII yozgi Olimpiya o’yinlari litsenziyasini qo’lga kiritgan Zaynab Dayibekova 2015 yildan buyon sportning qilichbozlik turi bilan muntazam shug’ullanib kelmoqda va qilichbozlik sport turi bo’yicha O’zbekiston Respublikasi terma jamoasi asosiy tarkib a’zosi Z.Dayibekova musobaqalarda yuksak natijalarga erishib kelmoqda.

Uning 2017 yil 9-10 sentyabr kunlari sportning qilichbozlik turi bo’yicha Tailand davlatining Bangkok shahrida o’tkazilgan Osiyo chempionatida faxrli III o’rinni qo’lga kiritgani O’zbekiston qilichbozlarining xalqaro musobaqadagi dastlabki g’alabasi hisoblanadi. Zaynabning ushbu natijasi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonidan munosib baholanib, «Neksiya 3» avtomobili bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, 2018 yil BAAning Dubay shahrida o’tkazilgan o’smirlar va qizlar o’rtasida qilichbozlik bo’yicha Osiyo chempionatida III o’rinni egalladi va Zaynabning sportdagi yutuqlari yurtboshimiz tomonidan yana bir marotaba yuksak baholanib, «Spark» avtomobili bilan taqdirlandi.

U O’zbekiston Milliy Olimpiya qo’mitasi va O’zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda o’tkazilgan «Milliy sport mukofoti – 2019» tanlovida «Yilning yosh va istiqbolli sportchisi» nominatsiyasi g’olibi bo’ldi.

Zaynab Dayibekova 2019 yili sportning qilichbozlik turi bo’yicha O’zbekiston sport ustasi unvoniga va 2020 yili Xalqaro toifadagi va O’zbekiston sport ustasi unvoniga ega bo’ldi. 2021 yil 29 iyun kuni “Shuxrat” medali bilan, 2021 yil 12 avgust kuni “Jasorat” medali bilan taqdirlangan. 2021 yil 30 avgust kuni “Qoraqalpog’iston Respublikasida xizmat ko’rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Filiali Matbuot xizmati.