Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mahallalarda yoshlar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini tizimli tashkil etish orqali sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularni ommaviy sportga jalb etishni yangi bosqichga olib chiqish hamda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi 67-maqsadida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash uchun:

1. Quyidagilar ommaviy sportni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

mahallalarda yoshlarning ommaviy sport bilan shug‘ullanishlari uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash va sport inshootlarini zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlash, shuningdek, imkoniyati cheklangan yoshlar uchun tegishli sport infratuzilmasini yaratish;

aholining keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ular o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish orqali yoshlarning ommaviy sportdagi ulushini oshirish;

ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi oilalarga mahallalar
va istirohat bog‘larida sharoit yaratish va oilaviy sportni rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish;

ommaviy sport tadbirlari davomida o‘quvchilari g‘olib va sovrindor bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari va sport-ta’lim muassasalarining trenerlari mehnatini munosib rag‘batlantirish va ularning faoliyat olib borishi uchun sharoit yaratish.

2. Mahallalarda yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalq salomatligi milliy kengashi (A.N. Aripov):

yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sportga keng jalb qilish, shu jumladan, mazkur Dasturda belgilangan vazifalarning to‘liq va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan mas’ul vazirlik, idora va mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirsin;

mahallalarda ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyatini samarali tashkil etsin, ularga uslubiy ko‘maklashsin va musobaqalar samaradorligini baholash reyting tizimini joriy qilsin;

ommaviy sport musobaqalari tashkil qilinadigan olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari ro‘yxatini tasdiqlasin;

yoshlarni ommaviy sportga jalb qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijrosini va har yili ikki mavsumda ommaviy sport musobaqalari o‘tkazilishini ta’minlasin hamda barcha bosqich natijalarini tahlil qilsin va tizimli monitoringini olib borsin;

ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tegishli qarorlarni qabul qilsin, yo‘l xaritalari, dasturlarni tasdiqlasin hamda bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatsin.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) 2022 yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda 30 iyun  O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kuni hamda dekabr oyida o‘tkaziladigan “Yoshlar forumi” doirasida sportning futbolminifutbolvoleybolyengil atletikashaxmatshashkastol tennisistritbolvorkaut turlari bo‘yicha besh bosqichli ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish tizimi joriy etiladi:

birinchi bosqichda – ko‘chalararo mahalla musobaqalari;

ikkinchi bosqichda – mahallalararo sektor musobaqalari;

uchinchi bosqichda – sektor musobaqalarida g‘olib bo‘lgan mahalla jamoalari o‘rtasida tuman (shahar) musobaqalari;

to‘rtinchi bosqichda – tuman (shahar) musobaqalari g‘olib mahalla jamoalari o‘rtasida viloyat musobaqalari;

beshinchi bosqichda – viloyat musobaqalarida g‘olib bo‘lgan mahalla jamoalari o‘rtasida respublika (final) musobaqalari.

Bunda, mazkur kichik bandda ko‘rsatilgan ommaviy sport musobaqalari mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlik, madaniyat va san’at, intellektual o‘yinlar, axborot texnologiyalari hamda sport turlari bo‘yicha tashkil etilayotgan besh bosqichli “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkaziladi;

b) 2023 yil 1 martdan boshlab olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarini o‘tkazish tizimi joriy qilinadi:

birinchi bosqichda – tuman (shahar) musobaqalari;

ikkinchi bosqichda – viloyat musobaqalari;

uchinchi bosqichda – respublika (final) musobaqalari.

Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha sport musobaqalarini o‘tkazish dasturining ishlab chiqilishi, sport musobaqalari o‘tkaziladigan sport ob’ektlari infratuzilmasining yaxshilanishi va zarur sport inventarlari bilan jihozlanishi, sport musobaqalarining yuqori darajada tashkil etilishi hamda g‘olib va sovrindorlarning munosib rag‘batlantirilishini ta’minlasin.

5. Belgilansinki:

a) “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish:

mahalla bosqichida – Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Sportni rivojlantirish vazirligi;

sektor bosqichida – sektor rahbarlari;

tuman (shahar) bosqichida – tuman (shahar) hokimlari;

viloyat bosqichida – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari;

respublika (final) bosqichida – Sportni rivojlantirish vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda, musobaqalarning har bir bosqichida g‘olib bo‘lgan yoshlar ushbu kichik bandga mas’ul davlat organlari va tashkilotlari tomonidan rag‘batlantiriladi;

b) olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish:

tuman bosqichida – tuman (shahar) hokimlari, Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Sportni rivojlantirish vazirligining tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlari;

viloyat bosqichida – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Sportni rivojlantirish vazirligi hududiy bo‘linmalarining rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari;

respublika (final) bosqichida – Sportni rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda, musobaqalarning har bir bosqichida g‘olib bo‘lgan yoshlar ushbu kichik bandga mas’ul davlat organlari va tashkilotlari tomonidan rag‘batlantiriladi.

6. Quyidagilar “Besh tashabbus olimpiadasi” hamda olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarini tizimli tashkil etish va o‘tkazish uchun Sportni rivojlantirish vazirligiga Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan 2022 yildan boshlab har yili 50 milliard so‘m miqdordagi mablag‘lar;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablag‘lari;

jamg‘armalar, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari, klublari, xorijiy investorlar, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari mablag‘lari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

7. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov):

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda uch oy muddatda hududlarda yoshlarni ommaviy sportga keng jalb qilish maqsadida bolalar-o‘smirlar sport maktablarining yo‘riqchi-uslubchi shtat birliklari hisobiga bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktorining ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini joriy etsin;

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi (O.Kasimov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda sport turlari bo‘yicha tuman (shahar)larning terma va sektor jamoalarini shakllantirsin va sport-ta’lim muassasalariga iqtidorli yoshlarni saralab olish bo‘yicha mas’ul etib belgilansin.

8. Shunday amaliyot joriy qilinsinki, unga muvofiq “Besh tashabbus olimpiadasi” hamda olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalari davomida g‘olib va sovrindorlarni (1-3 o‘rin) tayyorlagan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari va sport-ta’lim muassasalarining trenerlari malaka attestatsiyasiga jalb etilmaydi va ularga quyidagi malaka toifalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi:

tuman (shahar) bosqichi musobaqalarida g‘olib va sovrindorlarni
tayyorlagani uchun – ikkinchi malaka toifasi;

viloyat bosqichi musobaqalarida g‘olib va sovrindorlarni tayyorlagani uchun – birinchi malaka toifasi;

respublika (final) bosqichida g‘olib va sovrindorlarni tayyorlagani uchun – oliy malaka toifasi.

9. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov):

a) sport federatsiya (assotsiatsiya)lari bilan birgalikda ikki oy muddatda:

mahallalarda ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha har bir mas’ulning ish faoliyatini to‘liq baholashga qaratilgan reyting tizimini joriy etsin;

yoshlar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini ommalashtirish va ularning qiziqishlarini kuchaytirish maqsadida tajribali va taniqli sportchilar ishtirokida motivatsion uchrashuvlar tashkil etish tizimini yo‘lga qo‘ysin;

b) Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar 6 million nafar yoshlarning ommaviy sport tadbirlari bilan qamrab olinishini ta’minlasin.

10. Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev):

uch oy muddatda yoshlar orasida “Besh tashabbus olimpiadasi”, ommaviy sportni targ‘ib qiluvchi materiallarni (buklet, banner va boshqalar) kreativ vositalardan foydalangan holda tayyorlasin va mahallalarga tarqatish choralarini ko‘rsin;

ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ular o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini ommalashtirishga qaratilgan motivatsion roliklar tayyorlasin;

Sportni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ommaviy sport musobaqalarini namunali tashkil etgan yoshlar yetakchilari va boshqa mas’ul shaxslar uchun o‘quv seminarlari tashkil etsin va maxsus sertifikat berish tizimini yo‘lga qo‘ysin;

mahallalarda musobaqalarni namunaviy tashkil etgan yoshlar yetakchilarini rag‘batlantirish choralarini ko‘rsin.

11. Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov):

2022/2023 o‘quv yiliдaн boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarning qiziqishlari, talab va istaklaridan kelib chiqqan holda, jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari hamda taniqli va faxriy sportchilar tomonidan kamida 1 ta sport turi bo‘yicha to‘garaklar faoliyatini tashkil etsin;

to‘garaklar faoliyatini keng yoritish va ularga o‘quvchilarni qamrab olish maqsadida barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida to‘garak jadvali bo‘lishini ta’minlasin;

har bir umumiy o‘rta ta’lim maktabida futbolbasketbolvoleybolgandbol va boshqa jamoaviy o‘yin turlari bo‘yicha jamoalar tuzsin hamda muntazam ravishda maktab jamoalari o‘rtasida musobaqalar o‘tkazsin;

Sportni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bolalar-o‘smirlar sport maktablarining yo‘riqchi-uslubchilari tomonidan har chorakda bir marta umumiy o‘rta ta’lim maktablarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga metodik yordam ko‘rsatilishini tashkil etsin.

12. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov):

2022 yil 1 mayga qadar talabalar sportini yanada rivojlantirish uchun oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan sport klublari o‘rtasida musobaqalarni o‘tkazsin;

ikki oy muddatda oliy ta’lim muassasalarini sport turlariga ixtisoslashtirish ro‘yxatini talabalarning xohish va istaklarini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqsin;

amalga oshirilgan ishlar yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalq salomatligi milliy kengashiga axborot kiritib borsin.

13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1 fevralga qadar ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish yuzasidan quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

sport musobaqalarining respublika (final) bosqichlari bo‘lib o‘tadigan hududlar va u yerda joylashgan sport infratuzilmasi ob’ektlarini homiylik xayriyalari hamda byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb etgan holda talab darajasida tayyorlash;

ommaviy sport musobaqalarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun sport inshootlarini sport jihozlari bilan ta’minlash;

ommaviy sport musobaqalarining mahalla bosqichidan viloyat bosqichiga qadar o‘tkazilgan musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarni 1, 2 va 3-darajali diplom, medal, kubok, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlash;

hududlarda tashkil etiladigan boshqa sport musobaqalari tuman (shahar) va viloyat bosqichi g‘oliblari uchun hokim sovrinini ta’sis etish;

sport musobaqalari davomida har bir ishtirokchining qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini qaror toptirish, ularning buyuk ajdodlarimizning mardlik va jasurlik an’analarini munosib davom ettirishga qodir insonlar bo‘lib yetishishiga xizmat qiladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlar dasturini amalga oshirish.

14. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov) hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev) ikki hafta muddatda mazkur qaror asosida amalga oshirilayotgan ishlarni ommalashtirishga qaratilgan maqolalar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etish hamda quyidagilarni nazarda tutuvchi ommaviy sport musobaqalarini keng targ‘ib qilish bo‘yicha media-reja ishlab chiqsin va amalga oshirsin:

ommaviy sport musobaqalarining o‘tkazilishi to‘g‘risida maxsus roliklar tayyorlash va efirga joylashtirish;

ommaviy sport musobaqalarini yanada ommalashtirish bo‘yicha faxriy ustozlar va nufuzli musobaqalar g‘oliblari ishtirokida turkum ko‘rsatuvlarni tashkil etish;

ommaviy sport musobaqalarida yoshlar tomonidan erishilgan yutuqlar, shuningdek, ommaviy sport musobaqalarining o‘tkazilish jarayonlarini keng yoritish va targ‘ib qilish ishlarini muntazam amalga oshirish.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bir oy muddatda hududiy telekanallar, ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalari, ommaviy sport musobaqalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keng yoritib borish bo‘yicha media-reja ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

15. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov, sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari A.U.Aslonov, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z.Sa’dullayev, xalq ta’limi vaziri B.O.Saidov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X.Toshkulov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yarim yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                   Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2022 yil 11 aprel