Logo
O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali

Vazirning talabalar turar joylari bo‘yicha axboroti eshitildi

ONLAYN

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlis Qonunchilik palatasining youtubedagi kanali orqali jonli efirga uzatilmoqda.

Quyi palata majlisida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulovning “Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni turar joylar bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitilmoqda.

— Keyingi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini isloh qilish, yoshlarning oliy ta’limga qamrov darajasini oshirish, talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, — dedi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov. — 2021 yilda talabalar turar joylaridagi yashash xonalarining optimallashtirilishi natijasida 20 mingdan ortiq qo‘shimcha turar joy o‘rinlari tashkil etildi. Shuningdek, Davlat byudjeti mablag‘lari, oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda davlat-xususiy sheriklik va ijara asosida qo‘shimcha 11,4 ming o‘rinli 29 ta talabalar turar joylari qurilib, foydalanishga topshirildi. Mazkur yo‘nalishda ko‘rilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida 2021 yilda talabalar turar joylarining quvvati 32 070 o‘ringa ko‘paytirilib, 91 416 o‘ringa yetkazildi.

Hududlarida talabalar turar joylarini tadbirkorlik sub’ektlari mablag‘lari hamda byudjet subsidiyasi ishtirokida davlat-xususiy sheriklik asosida qurish tizimi yo‘lga qo‘yildi. 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham talabalar turar joylari sonini 100 ming o‘ringa yetkazish, bunda 2022 yilda 18 800 o‘rinli 47 ta talabalar turar joylarini barpo etish, 2026 yilga qadar esa talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash darajasini 60 foizdan oshirish vazifalari belgilandi, — dedi vazir.

Majlis o‘z ishini davom ettirmoqda. Deputatlar o‘z savollari bilan vazirga murojaat qilmoqda.

Muhtarama Komilova, O‘zA