Logo
O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali

AQSHda g‘alabaga erishgan Jalolov tantanali kutib olindi

Xabar berganimizdek, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, Osiyo va Jahon chempioni Bahodir Jalolov professional boksda navbatdagi reyting jangini AQSHning Verona shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazdi.

Jahon professional boks olamida “Big Uzbek” nomi bilan tanilgan Jalolov 8 raundlik jangda belgiyalik Jek Mulovayini so‘nggi raundda nokautga uchratdi va g‘alabasini tantana qildi.

Bu Bahodirning professional boksdagi 11-jangi va 11-g‘alabasi bo‘ldi.

Bugun, 13 iyun tongda yengilmas bokschimiz Bahodir Jalolov AQSHdan O‘zbekistonga qaytib keldi.

Uni Islom Karimov nomidagi Toshkent Xalqaro aeroportida Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston boks va professional boks federatsiyalarining mutasaddilari, sportchining yaqinlari, keng jamoatchilik vakillari tantanali kutib oldi.

Kutib olish marosimida Bahodir Jalolov reyting janglaridagi g‘alabalari orqali tez orada og‘ir vazn toifasida chempionlik kamari uchun ringga ko‘tarilishga tayyorgarlik ko‘rayotganligini ta’kidladi.

Aytish lozim, ushbu jangga qadar Bahodir Jalolov WBC 40 talik reytingda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha kuchli 30 talikda qayd etib kelinayotgandi.

Professional boksdagi 11 ta jangining barchasini muddatidan avval nokaut bilan yakunlashga odatlangan Jalolov belgiyalik Jek Mulovayini mag‘lub etganidan so‘ng reytingdagi o‘z mavqei va joylashuv pog‘onasini yanada yaxshilashi shubhasiz.

Nima bo‘lganda ham, bugun dunyo professional boks matbuoti, turli ijtimoiy tarmoqlarda katta ringga “Big Uzbek” kirib kelayotganligini e’tirof etmoqda.

 O‘zA