Dzyudo sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya
va Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish to‘g‘risida”gi PQ–127-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, aholi o‘rtasida dzyudoning olimpiya sport turi sifatida ommaviyligini oshirish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish tizimini takomillashtirish, milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini ta’minlash maqsadida:

1. Quyidagilar dzyudo sport turini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

dzyudoni aholi o‘rtasida ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;

maktabgacha yoshdagi bolalarda dzyudoga qiziqish uyg‘otish va jang san’atining ushbu turi bo‘yicha boshlang‘ich ko‘nikmalarni shakllantirish;

dzyudo bo‘yicha professional trenerlar, malakali hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash tizimini rivojlantirish, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish;

dzyudo infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda xalqaro talablarga moslashtirish, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida dzyudo zallari sonini ko‘paytirish;

Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlarining jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari dasturiga dzyudoni bosqichma-bosqich kiritish, ular tizimidagi ta’lim muassasalari o‘quvchi-talabalari uchun ushbu sport turi bo‘yicha fakultativ mashg‘ulotlar va to‘garaklar tashkil qilish;

ayollar o‘rtasida dzyudoni rivojlantirish, bu borada uzoq yillarga mo‘ljallangan istiqbolli rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

ommaviy axborot vositalarida sog‘lom turmush tarzining muhim tarkibiy qismi sifatida dzyudoni targ‘ib qilish hamda bu jarayonda axborotlashtirish va multimedia mahsulotlaridan foydalanishni ta’minlash.

2. Quyidagilar:

2022-2023 yillarda dzyudo sport turini yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

2022-2025 yillarda dzyudo sport turini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilab qo‘yilsinki, 2023 yil 1 yanvardan boshlab an’anaviy tarzda dzyudo sport turi bo‘yicha O‘zbekistonda quyidagi musobaqalar o‘tkaziladi:

kattalar o‘rtasida “Katta dubulg‘a” xalqaro turniri;

Osiyo chempionati g‘olibi va Xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi Uchqun Murodov xotirasiga bag‘ishlangan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida xalqaro turnir;

umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Xalq ta’limi vaziri kubogi”;

o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalari o‘quvchi-talabalari o‘rtasida “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri kubogi”;

Qurolli Kuchlar tizimida “Mudofaa vaziri kubogi”;

2024-2025 yillarda harbiylar o‘rtasida Jahon chempionati.

Sportni rivojlantirish vazirligi (Sh.Maxmudov) Mudofaa vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi bilan birgalikda:

bir oy muddatda ushbu qarorning 3-bandida ko‘rsatilgan musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish va ularni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

xalqaro turnirlarda mahalliy dzyudochilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega bo‘lgan kuchli xalqaro dzyudochilar, trenerlar
va hakamlarning ishtirokini ta’minlasin;

yuqoridagi musobaqalar va turnirlarni o‘tkazish jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda boshqa kommunikatsiya manbalarida keng yoritsin.

Turizm va madaniy meros vazirligi (B.Ibragimov) yuqoridagi musobaqalar va turnirlarni turistik marshrutlar ob’ektlari ro‘yxatiga kiritsin, ularga xorijiy va mahalliy turistlarni jalb qilish choralarini ko‘rsin.

4. Xalqaro dzyudo federatsiyasining rejasiga muvofiq, 2022 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasida Jahon chempionati o‘tkazilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Belgilansinki:

jahon chempionatini o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar homiylar mablag‘lari (titul homiylik, reklama, axborot hamkorligi hamda televizion translyatsiya media huquqlaridan tushadigan), shuningdek, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Bunda, olinadigan foyda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi tasarrufida qoldiriladi hamda dzyudoni yanada rivojlantirishga, jumladan, dzyudo maktablarini qurish va jihozlash hamda federatsiya faoliyatini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi;

jahon chempionatini o‘tkazish uchun a’zolik badali va mukofot puli bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Toshkent shahar hokimligi va O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi bilan birgalikda jahon chempionatining yuqori darajada o‘tkazilishini ta’minlasin va u bilan bog‘liq bo‘lgan barcha tashkiliy masalalarni
hal etish choralarini ko‘rsin.

5. 2023 yil 1 yanvardan boshlab Surxondaryo viloyati Denov tumani hamda Xorazm viloyati Urganch shahar olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari negizida Sportni rivojlantirish vazirligi tizimiga kiruvchi Denov hamda Urganch dzyudo sport mahorati maktablari (keyingi o‘rinlarda – dzyudo maktablari) davlat sport-ta’limi muassasasi sifatida tashkil etilsin.

Belgilansinki:

dzyudo maktablari faoliyati dzyudo bo‘yicha qobiliyatli va iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olish hamda ularni asosan milliy terma jamoalarga tayyorlashga yo‘naltiriladi;

dzyudo maktablariga o‘qishga 5-sinfdan qabul qilinadi hamda ta’lim olish muddati yetti yil etib belgilanadi;

dzyudo maktablarining o‘quv jarayoni Sportni rivojlantirish vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi hamda tasdiqlangan o‘quv rejaga asosan amalga oshiriladi;

dzyudo maktablari direktori, uning o‘rinbosarlari, trener-o‘qituvchilar, yo‘riqchi-uslubchilar, tarbiyachilar mehnatiga haq to‘lash hamda maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari va tarbiyachilar mehnatini rag‘batlantirish Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 275-son qaroriga muvofiq;

dzyudo maktablari direktori, uning o‘quv va sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, trener-o‘qituvchilar, yo‘riqchi-uslubchilar, tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 23 sentyabrdagi “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 211-son qaroriga muvofiq;

dzyudo maktablari tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 276-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda dzyudo maktablari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

6. 2023 yil 1 yanvardan boshlab:

umumiy o‘rta ta’lim maktablarida dzyudo sport turini rivojlantirish bo‘yicha “Bolalar uchun dzyudo” dasturi;

maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Maktabgacha dzyudo” loyihasi joriy qilinsin.

Belgilansinki:

a) Bolalar uchun dzyudo” dasturi doirasida:

Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda o‘quvchilarida dzyudo bilan shug‘ullanish istagi yuqori bo‘lgan hamda sport zallari mavjud umumiy o‘rta ta’lim maktablari belgilab olinadi;

tanlab olingan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida dzyudo bo‘yicha darsdan tashqari alohida sport seksiyalari maktab joylashgan hududdagi sport maktabidan jalb etilgan trener-o‘qituvchilar tomonidan amalga oshiriladi;

umumiy o‘rta ta’lim maktablarida dzyudo zallarini tashkil etish, mavjud dzyudo infratuzilmasini kengaytirish va jihozlash bo‘yicha investitsiya va grantlar jalb qilinadi;

Xalqaro dzyudo federatsiyasining “Maktablarda dzyudo” dasturi bilan uzviy bog‘liqlik ta’minlanadi, mazkur dasturdagi yo‘nalishlar, funksiyalar va boshqa muhim chora-tadbirlar amalga oshiriladi;

dzyudoni yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish va ommalashtirish, ularda ushbu sport turiga qiziqishni oshirish, yoshlar o‘rtasida dzyudo bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazishga ko‘maklashish, shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi;

b) “Maktabgacha dzyudo” loyihasi doirasida:

maktabgacha ta’lim tashkilotlarida dzyudoni ommalashtirish va keng targ‘ib qilish orqali tarbiyalanuvchilarni mazkur sport turi bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish;

tarbiyalanuvchilarda dzyudo bilan shug‘ullanishga kuchli va ta’sirchan motivatsiyani shakllantirish.

7. Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov), O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi (A.Kamilov) bilan birgalikda 2023 yildan boshlab dzyudo sport turini o‘quvchilar o‘rtasida ommalashtirish bo‘yicha tanlangan maktablarni o‘quv qo‘llanma, tatami, aksessuar va boshqa zarur anjomlar bilan ta’minlash uchun Xalq ta’limi sohasida islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili 5 milliard so‘mgacha mablag‘larni yo‘naltirsin.

8. Belgilab qo‘yilsinki:

“Bolalar uchun dzyudo” dasturi doirasida faoliyat yuritadigan trener-o‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash Vazirlar Mahkamasining
2010 yil 23 sentyabrdagi “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 211-son qaroriga muvofiq sport maktablari trener-o‘qituvchilari uchun belgilangan me’yorlar asosida amalga oshiriladi;

“Bolalar uchun dzyudo” dasturi doirasida qurib foydalanishga topshirilgan dzyudo zallari Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari balansida saqlanadi va ular faoliyatini to‘liq va samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi bilan birgalikda Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan malakali trenerlar bilan ta’minlanadi;

“Bolalar uchun dzyudo” dasturi doirasida qurib foydalanishga topshirilgan dzyudo zallarida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi huzuridagi Dzyudo sport klubining filiallari tashkil etiladi, filiallar faoliyatiga O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi metodik rahbarlik qiladi, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarni dzyudoga o‘rgatish orqali qamrovni yildan yilga oshirib boradi, ular o‘rtasida turnirlar, musobaqalar tashkil etadi.

9. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining:

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab “Dzyudo va sport faoliyati bakalavriat ta’lim yo‘nalishini ochish;

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Dzyudo va sport faoliyati” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 2022/2023 o‘quv yili uchun qabul parametrlari doirasida qabul kvotalarini belgilash haqidagi takliflari ma’qullansin.

10. Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining Sportni rivojlantirish vazirligi tizimida O‘zbekiston dzyudo akademiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

11. Quyidagilar O‘zbekiston dzyudo akademiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

dzyudo, shu jumladan, paradzyudo bo‘yicha sportchilar, trenerlar, trener-seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarning kasbiy mahorati va malakasini oshirish;

dzyudo, shu jumladan, paradzyudo bo‘yicha professional, yuqori malakali sportchilar, trenerlar, trener-seleksionerlar, hakamlar
va boshqa mutaxassislarni xalqaro talablar asosida tayyorlashga ko‘maklashish;

dzyudo, shu jumladan, paradzyudo bo‘yicha o‘quv dasturlar va metodologiyani yangilash, yoshlarning tayyorgarlik jarayoniga ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish;

mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminar, trening, master-klasslar, o‘quv mashg‘ulotlar tashkil etish.

12. O‘zbekiston dzyudo akademiyasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi mablag‘lari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda O‘zbekiston dzyudo akademiyasi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

13. Toshkent shahar hokimligi (J.Artikxodjayev):

Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi institutiga doimiy foydalanishga berilgan yer uchastkasining (Shayxontohur tumani, Abdulla Qodiriy ko‘chasi, 7b-uy) O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining asosiy bazasiga tutash bo‘lgan va bo‘sh turgan qismini belgilangan tartibda zaxiraga qaytarish; 

zaxiraga qaytarilgan yer uchastkasini davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va Sportni rivojlantirish vazirligiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish choralarini ko‘rsin.

Sportni rivojlantirish vazirligi (M.Ismailov) O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi (A.Kamilov) bilan birgalikda ajratilgan yer uchastkasida O‘zbekiston dzyudo akademiyasi bino va inshootlarini qurishni nazarda tutuvchi ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida bitim imzolanishini hamda Yaponiyaning “Kodokan” ko‘p funksiyali, zamonaviy va universal dzyudo markazi namunasi bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan Xalqaro dzyudo federatsiyasi talablariga javob beradigan, sport asbob-uskunalari bilan jihozlangan bino va inshootlar (sport zali, o‘quv binosi, oshxona va yordamchi binolar) qurilib, foydalanishga topshirilishini ta’minlasin.

14. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A.Boboyev) Sportni rivojlantirish vazirligi (M.Ismailov), Toshkent viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi bilan birgalikda 2023 yilda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Oqtosh qishlog‘i hududida dzyudo bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun Xalqaro dzyudo federatsiyasi standartlariga javob beradigan 50 o‘rinli yotoqxona va oshxona, trenajyor zali, tibbiy punkt va zamonaviy sport anjomlari bilan to‘liq jihozlangan o‘quv-mashg‘ulot bazasini barpo etish yuzasidan taklif kiritilishini ta’minlasin.

15. Toshkent viloyati hokimligi (Z.Mirzayev) “Chorvoq” turistik rekreatsion zonasi” DUK bilan kelishgan holda Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Oqtosh qishlog‘i hududidan Sportni rivojlantirish vazirligiga 0,5 ga yer uchastkasini 2022 yil yakuniga qadar doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishini ta’minlasin.

Sportni rivojlantirish vazirligi (M.Ismailov) O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi (A.Kamilov) bilan birgalikda ajratilgan yer uchastkasida dzyudo bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulot bazasini barpo etishni nazarda tutuvchi ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida bitim imzolanishini ta’minlasin.

16. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Sportni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish, dzyudo sport anjomlari va jihozlari bilan ta’minlash, shuningdek, dzyudoni rivojlantirish maqsadlari uchun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga joriy yilda sport sohasi uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida 2 milliard so‘m ajratilishini ta’minlasin.

17. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi bilan birgalikda 2022 yil 20 dekabrga qadar sport maktablari hamda Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarini xalqaro talablarga javob beradigan dzyudo sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi hamda boshqa zarur vositalar bilan ta’minlasin va ushbu maqsadlarga Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining 2022 yil uchun respublika kalendar rejasida ajratilgan mablag‘larning iqtisod qilingan qismidan zarur mablag‘lar yo‘naltirsin.

18. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etsin.

19. Sportni rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I. Ikramov, sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Sh.Sh.Maxmudov hamda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi A.Ya.Kamilov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

                           O‘zbekiston Respublikasi

                                       Prezidenti                                           Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2022 yil 20 iyun