Qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Qo‘l jangi sport turini aholi, ayniqsa, yoshlar, Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari va huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlari o‘rtasida yanada ommalashtirish, soha uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda malakali kadrlar, trenerlar va hakamlar tayyorlashga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

qo‘l jangi bo‘yicha 10 ming nafardan ortiq yoshlar va harbiy xizmatchilar (xodimlar) sport mashg‘ulotlari bilan muntazam shug‘ullanib kelayotganligi;

qo‘l jangi bo‘yicha 230 nafar O‘zbekiston sport ustalari va 60 nafar Xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustalari yetishib chiqqanligi;

qo‘l jangi o‘zida boks, taekvondo, kurash, karate, sambo, ushu kabi sport turlarini jamlaganligi va so‘nggi yillarda boshqa an’anaviy sport turlariga nisbatan keng ommalashib borayotganligi;

O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi respublikaning huquqni muhofaza qilish organlari va “Dinamo” jismoniy tarbiya sport jamiyati tashabbusi bilan tashkil etilganligi;

qo‘l jangi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida har yili o‘tkaziladigan “Armiya o‘yinlari” dasturiga kiritilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qo‘l jangi sport turini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

qo‘l jangi bo‘yicha tizimli ravishda musobaqalar o‘tkazish hamda iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya);

qo‘l jangini yanada ommalashtirish, bu borada yoshlarni sport klublari, seksiyalari va to‘garaklariga keng jalb etish hamda shu orqali sportchilarning jinoyatlarni sodir etish va jinoiy guruhlarga qo‘shilib ketishining oldini olish;

qo‘l jangi bo‘yicha professional trenerlar, malakali hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash tizimini rivojlantirish, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish;

qo‘l jangi bilan shug‘ullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmani shakllantirish;

qo‘l jangini ham ustuvor sport turi sifatida Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlarining jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlariga bosqichma-bosqich kiritish;

qo‘l jangini Qurolli Kuchlar xizmatchilari va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari hamda aholi o‘rtasida, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilish.

3. O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi hamda Sportni rivojlantirish vazirligining 2023 yildan boshlab an’anaviy tarzda qo‘l jangi sport turi bo‘yicha:

har yili Toshkent shahrida 14 yanvar ‒ Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan Qurolli Kuchlar chempionatini hamda o‘z xizmat vazifasini bajarish chog‘ida qahramonlik va jasorat ko‘rsatib, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar xotirasiga bag‘ishlangan Xotira turnirini tashkil etish;

har yili Namangan shahrida professional sportchilar o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi” xalqaro turnirini o‘tkazish;

har ikki yilda bir marotaba Qarshi, Samarqand va Buxoro shaharlarida yoshlar o‘rtasida “Amir Temur kubogi” xalqaro turnirini o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi (R.Djurayev), Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

ikki oy muddatda ushbu qarorning 3-bandida ko‘rsatilgan musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish va ularni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

xalqaro turnirlarda mahalliy sportchilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega bo‘lgan kuchli xalqaro sportchilar, trenerlar va hakamlarning ishtirokini ta’minlasin;

yuqoridagi musobaqalar va turnirlarni o‘tkazish jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda boshqa kommunikatsiya manbalarida keng yoritsin.

Turizm va madaniy meros vazirligi (B.Ibragimov) yuqoridagi musobaqalar va turnirlarni turistik marshrutlar ob’ektlari ro‘yxatiga kiritsin, ularga xorijiy va mahalliy turistlarni jalb qilish choralarini ko‘rsin.

4. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov), O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi (R.Djurayev):

uch oy muddatda qo‘l jangi bo‘yicha trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish rejasini tasdiqlasin va uning amalga oshirilishini ta’minlasin;

Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarida qo‘l jangi bo‘yicha taniqli va faxriy sportchilar hamda trenerlar ishtirokida seminar, trening, mahorat saboqlarini tashkil etsin.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

a) har bir hududning bitta tuman (shahar)ida qo‘l jangini ustuvor sport turi sifatida belgilasin hamda uni rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqsin. Bunda, quyidagilar nazarda tutilsin:

tegishli tuman (shahar)da qo‘l jangi bo‘yicha sport bazalarini tashkil etish yoki mavjudlarini ushbu sport turiga qayta ixtisoslashtirish;

tegishli tuman (shahar)da qo‘l jangini ommalashtirish maqsadida mahalliy byudjetlarning qoldiq mablag‘lari va daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismidan mablag‘ yo‘naltirish;

b) O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi hududiy bo‘linmalarining moliyaviy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ko‘maklashsin;

v) joylardagi rahbar kadrlar orasidan nomzodlarni O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi hududiy bo‘linmalarining raisi lavozimiga tavsiya etib borsin.

6. Toshkent shahar hokimligi (J.Artikxodjayev), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.Ortiqov), Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) 2022 yil yakuniga qadar O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasini ma’muriy bino bilan, shuningdek, qo‘l jangi bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolarining o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish uchun sport bazasi bilan tekin foydalanish huquqi asosida ta’minlash choralarini ko‘rsin. Bunda:

O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi tomonidan sport bazalariga metodik yordam ko‘rsatish;

O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi tomonidan umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarlik, o‘quv mashg‘ulotlari va musobaqalarni o‘tkazish uchun ochiq turdagi sport maydoni va sport zallaridan foydalanish belgilab qo‘yilsin.

7. Qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha manzilli chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Milliy gvardiya (R.Djurayev), Davlat xavfsizlik xizmati (A.Azizov), Mudofaa vazirligi (B.Kurbanov), Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A.Kuldashev), Davlat bojxona qo‘mitasi (A.Mavlonov) va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari bir oy muddatda Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlarining jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlariga qo‘l jangini kiritish, shuningdek, tizim xizmatchilari va xodimlari orasida mazkur sport turini keng targ‘ib qilish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

9. O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi (R.Djurayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev), Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev) hamda Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qo‘l jangi sport turini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ommalashtirishga qaratilgan targ‘ibot dasturini ishlab chiqsin va amalga oshirsin:

qo‘l jangi bo‘yicha maqolalar yozish va e’lon qilish, shuningdek, maxsus roliklar tayyorlash va efirga uzatish;

faxriy ustozlar va nufuzli musobaqalar g‘oliblari ishtirokida turkum teleko‘rsatuvlarni tashkil etish;

qo‘l jangi bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazish jarayonlarini hamda ularda erishilgan yutuqlarni keng yoritish va targ‘ib qilish.

10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hududiy telekanallar, ommaviy axborot vositalari va boshqa kommunikatsiya manbalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalari, qo‘l jangi sport turi bo‘yicha ma’lumotlarni keng yoritib borish ishlarini amalga oshirib borsin.

11. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov hamda O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi raisi,  Milliy gvardiya qo‘mondoni R.M.Djurayev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

 

       O‘zbekiston Respublikasi

            Prezidenti                                                        Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2022 yil 20 iyun