Abituriyentlarni qiziqtirgan savollarga javob… (+video)

Ma’lumki, 20 iyundan 2022/2023-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlandi.

Davlat test markazi xodimlari bilan “Abituriyentlar uchun bu yilgi test sinovlaridagi yangiliklar va muammoli holatlar» yuzasidan 21 iyun kuni ovozli chat o‘tkazildi. Ovozli chatni eshitish imkoniga ega bo‘lmagan abituriyentlar uning matn shaklini o‘qishlari, audio havola orqali ko‘rishlari mumkin.

Suhbatdoshlarimiz Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Javlon Nurmatov hamda bosh mutaxassis Jamshidbek Odilov.

 O‘tgan yili test ochiq maydonlarda bo‘lgan edi. Bu yil qayerda o‘tkaziladi?

— Bu yilgi test agar davlat komissiyasining yoki maxsus komissiyaning takliflari, cheklovlari bo‘lmasa, albatta yopiq binolarda o‘tkaziladi.

Bu yil ham abituriyentlar suv va ruchkalar bilan ta’minlanadi. Hisob-kitob talab etiladigan fanlar uchun savollarning oralig‘ida yozishga joy qoldiriladi.

— Kimyo, biologiya fanlari bo‘yicha imtihon topshiruvchi talabalarga Mendeleyev davriy jadvali beriladi. Ammo bu jadval bilan butun sonlarni bo‘lish qiyin. Ayrim davlatlarda jadvalga qo‘shib kalkulyator ham berilar ekan. Bizda ham kalkulyator berilishi yo‘lga qo‘yiladimi?

— Davlat test markazi tomonidan tuziladigan test topshiriqlari kimyo, biologiya yoki matematika bo‘ladimi, hech qaysiga kalkulyator talab etilmaydi. Abituriyentlar bemalol savollarni o‘zlari ishlashlari mumkin. Ekspertlar shuni hisobga olgan holda test savollarini tuzishgan. Test sinovlarida Mendeleyev davriy jadvali beriladi, lekin kalkulyator berilmaydi.

— Viloyatlarda poytaxtga qaraganda kirish ballari pastroq bo‘ladi, degan gaplar qanchalik asosli?

— Bunday gaplar haqiqatdan yiroq. Bu abituriyentlarning ko‘lamiga bog‘liq. Deylik, poytaxtda oliy o‘quv yurtlarining ko‘pligi boshqa viloyatlarda kamligi bilan izohlanishi mumkin. Ayrim holatlarda ijtimoiy sohada ham, huquq sohasida ham talab ko‘p bo‘ladigan universitetlar bor. Misol uchun, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga boshqa davlat universitetlariga qaraganda abituriyentlar ko‘p topshiradi. Shundan kelib chiqqan holda bu fikrga kelgan bo‘lishlari mumkin. Aslida bunday emas, oliy o‘quv yurtiga topshirayotgan talabgorlarning ko‘lamiga bog‘liq. Bir so‘z bilan aytganda, ballar keskin farq qilmaydi.

 IELTSdan besh yarim ball olgan abituriyentga qancha testdan ball qo‘shib berilishi mumkin?

— Vazirlar Mahkamasining qarorida barcha tillar uchun tegishli bo‘lgan sertifikatlar ro‘yxati ko‘rsatib o‘tilgan. Besh yarim va undan yuqori bo‘lgan sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga topshiradigan imtihonida chet tili fani bo‘lsa, maksimal ball beriladi. O‘sha fandan test sinovini yechishdan ozod qilinadi.

— O‘tgan yili ToshMI va kimyo texnologiya sohasiga topshirganlar uchun kimyo yoki biologiya birinchi o‘rinda turadimi, farqi bo‘lmagan. Bu yil ham shu qoida saqlanib qolganmi?

— Davlat komissiyasining bayoniga ko‘ra, joriy yilda 1- va 2- fanlarga beriladigan ballar farqli tarzda bo‘ladi. Misol uchun, 2021 yilda birinchi va ikkinchi fanga ham bir xil ball berilgan. Fanlarning ketma-ketligi ahamiyatsiz bo‘lgan. Joriy yildan 1-fan uchun 3,1 ball, 2-fan uchun 2,1 ball berilishi ko‘zda tutilgan. Fanlar ketma-ketligi ahamiyatga ega. Masalan, ToshMIda biologiya birinchi fan hisoblanadi 3,1 ball beriladi, kimyo ikkinchi fan bo‘lgani uchun 2,1 ball beriladi. Bu haqda Davlat test markazining saytida batafsil ma’lumotlar bor.

Nigora Rahmonova, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA