Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda tavsiyanomalar berish tartibi qanday?

Joriy yilning 9 iyun kuni Vazirlar Mahkamasining (322-sonli) qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda tavsiyanomalar berish va ularni qabul qilish tartibi belgilangan.

Qarorda ko‘rsatilganidek, kollej yoki texnikumlarni ma’lum mutaxassislik bo‘yicha tamomlagan va mazkur mutaxassislikka mos sohada kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyozlarga ega bo‘ladi.

Bu imtiyozlar, ya’ni har yili davlat tomonidan mazkur toifadagi xotin-qizlar uchun 500 ta kvota ajratiladi. Ushbu kvota Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda oliy ta’lim muassasalari kesimida shakllantirilib, davlat komissiyasiga kiritiladi. Davlat komissiyasi mazkur taqsimlangan imtiyozli kvotani tasdiqlab beradi. Agar xotin-qizlarimizda mazkur imtiyozdan foydalanish istagi bo‘lsa, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat qilishlari kerak.

5 yillik ish stajiga ega ekanini tasdiqlash uchun hujjatlarni taqdim etishlari zarur. Har bitta tumanda maxsus komissiyalar tuzilgan. Ular hujjatni ko‘rib chiqib, haqiqatan ham belgilangan talablarga javob beradigan bo‘lsa, ularga tegishli tavsiyanoma berishadi. Tavsiyanoma olgan xotin-qizlar hamma qatori o‘qishga hujjat topshirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tganida tavsiyanomalari ham aks etadi.

Tavsiyanomaga ega xotin-qizlar ham hamma qatori test sinovlarida ishtirok etishadi. Agar talabalikka tavsiya etilmasa, oliy ta’lim kesimida ballari ko‘rib chiqilib, eng yuqori ball to‘plagan 500 nafari talabalikka tavsiya etiladi.

Hozir meni stajim tavsiyanomaga to‘g‘ri keladimi yo‘qmi», deb ikkilanib yurganlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tumanlardagi bo‘linmalariga murojaat qilib, hujjatlarni taqdim etgan holda javob olishlari mumkin, – deydi DTM Bosh mutaxassisi Jamshidbek Odilov.

O‘zA