Magistratura bosqichida xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt mablag‘lari davlat zimmasida bo‘ladi

Vazirlar Mahkamasining “Davlat oliy ta’lim muassasalari magistratura bosqichida ta’lim olayotgan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lab berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Buning uchun davlat byudjetidan har yili kamida 200 milliard so‘m moliyalashtiriladi.

2021/2022 o‘quv yilida davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga talabalikka qabul qilinib, to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan xotin-qizlarning 2022/2023 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdori davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Davlat oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan, O‘zbekistan Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Bosh prokuratura akademiyasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari ham qaytarish shartisiz qoplanadi.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan talaba xotin-qizlarning o‘quv yili uchun to‘lov-kontraktning to‘liq summasi (tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt summasi to‘lovlari bundan mustasno) tegishli oliy ta’lim muassasalariga davlat hisobidan o‘tkazib beriladi.

Filial Matbuot xizmati