«Konya-2021»: raqamlarda aks etgan natijalar

   Konyada davom etayotgan V Islom birdamligi o‘yinlari o‘zining eng yuqori nuqtasiga yetib kelmoqda. Kecha 16 avgust kungi bahslarda yurtimiz dzyuodochilari, qilichbozlar va kikboksing, sporti vakillari yutuqlar jamg‘armasiga munosib hissa qo‘shdi. Xususan, qilichbozlikining rapira dasturida erkaklar o‘rtasida jamoaviy bahsda ishtirok etgan sportchimiz finalda mezbonlarni 45:36 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, oltin medallarimiz soni oshishini ta’minladi.

    Shuningdek, sportchilarimizdan Musa Aymuratov bronza, 18 yoshli Shahzoda Egamberdiyeva finalgacha barcha raqiblarini mag‘lub etib, hal qiluvchi bahsda mezbonlar vakili Aleyna Erturkka imkoniyatni boy berdi va kumush medal sohiblari qatoridan joy oldi. Kechagi kun bahslarida dzyudochilarimiz kutilgan va kutilmagan natijalarni qayd etdi. Mahoratli dzyudochimiz Gulnoza Matniyazova Islom birdamligi o‘yinlarida delegatsiyamiz uchun navbatdagi oltin medalni taqdim etdi. 70 kg. vazn toifasining final bellashuvida hamyurtimiz tunislik Nihel Landolsiga qarshi kurashib, chiroyli g‘alabani tantana qildi. Aynan ushbu vazn toifasida bahs olib borgan Shohista Nazarova ham O‘zbekistonga medal bilan qaytadigan bo‘ldi. Hamyurtimiz bronza medali uchun kechgan bahsda eronlik Maryam Barbatdan ustun keldi. 81 kg vazn toifasida bronza medali uchun bahs olib borgan Sharofiddin Boltaboyev ozarbayjonlik azaliy raqiblaridan biri Zelim Tkayevni mag‘lubiyatga uchratdi. Yosh dzyudochimiz Muzaffarbek To‘raboyev Islom birdamligi o‘yinlarining chempioniga aylandi. 100 kg vazn toifasida bahs olib borgan To‘raboyev finalda «Rio-2016» finalchisi, ozarbayjonlik Elmar Gasimovni mag‘lubiyatga uchratdi. «Tokio-2020» Olimpiadasi sovrindori Davlat Bobonov Islom birdamligi o‘yinlarida delegatsiyamiz hisobiga bronza medalini qo‘shib qo‘ydi. Eng og‘ir vazn toifasida bahs olib borgan Alisher Yusupov o‘yinlar finalida BAA vakili Magomedumar Magomedumarovga qarshi tatamiga chiqdi va kumush medal bilan kifoyalandi. Bugun 17 avgust kungi musobaqalarda dzyudochilar jamoaviy yo‘nalishda, kikboksing va karate o‘stalari o‘z vazn hamda yo‘nalishlarida sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi. Ortda qolgan bellashuvlar natijasiga ko‘ra, 106 ta oltin, 89 ta kumush va 70 ta oltin medal bilan turkiyaliklar yetakchilikni ta’minlab bo‘lgan bo‘lsa, hamyurlarimiz 43 ta oltin, 30 ta kumush, 48 ta bronza bilan 2-o‘rinda, 37 ta oltin, 35 ta kumush hamda 44 ta bronza medallarini jamg‘argan Eron vakillari 3-o‘rinni band etib turibdi.

O‘zA