Kurash yana bir kompleks o‘yinlar dasturidan o‘rin oldi

Ma’lumki, har ikki yilda bir marta Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Joriy yil ushbu nufuzli sport anjumani Turkiyaning Bursa hududida joylashgan Iznik shahrida tashkil etiladi.

Butunjahon etnosport konfederatsiyasi shafe’ligida o‘tadigan mazkur o‘yinlar dasturidan 20 ga yaqin sport turlari joy olgan.

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu galgi Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlari tizimiga milliy qadriyatimizning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan kurash ham kiritildi.

Joriy yilning 28 sentyabr-4 oktyabr kunlari o‘tkaziladigan mazkur o‘yinlarda kurashchilar 66, 81 va +81 kilogrammda g‘oliblik uchun gilamga chiqadi.

Ota-bobolarimizdan meros kurashning xalqaro sport turi sifatida yana bir kompleks o‘yinlar maqomiga ko‘tarilishi uning zamonaviy qonun-qoidasi, sport terminologiyasi xalqaro talablar asosida yaratilganligidan dalolatdir.

Eslatib o‘tamiz, bu yil o‘tadigan Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarida 20 dan ziyod davlat jamoalari qatnashishi kutilmoqda.

T. Ro‘ziyev