Jahon chempionati Qatarga qancha daromad keltiradi?

Futbol bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati joriy yil 20 noyabr-18 dekabr kunlari Qatarda bo‘lib o‘tadi.

Ushbu nufuzli musobaqani har tomonlama yuqori darajada o‘tkazishga tayyorgarlik hal qiluvchi pallaga kirgan bir paytda mundial tevaragidagi gap-so‘z, taxminlar ko‘paygandan ko‘paymoqda.

Qator OAV, mutaxassislar mazkur tadbir Qatarga olti milliard dollargacha daromad keltirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Qatar-2022 ijrochi direktori Nosir Al-Xatir fikricha, ayni raqam FIFA hisob-kitobi asosida vujudga kelgan.

Tashkilotchilar jahon chempionati ochilishidan uch oy oldin muxlislar uchun maxsus sertifikat — “Hayya card”ni sinab ko‘rishdi. Bu hujjat nafaqat mamlakatga viza va stadionga yo‘llanma vazifasini o‘taydi, balki jamoat transportidan bepul foydalanish imkonini ham beradi.

Ma’lumki, chipta sotilishining birinchi bosqichi 16 avgustda yakunlangan. Tashkilotchilar aytishicha, joriy yil sentyabr oyi oxirida yana bir kichik partiya sotuvga chiqariladi.

 O‘zA