«Onalar alla aytganda» tanlovi bo‘lib o‘tdi

Alla – bu onalar mehri, alla – bu momolarimizning oq fotihasi, bu – onaning farzandiga go‘dakligidan boshlab tilagan tilagi, ko‘nglidagi buyuk umidi. Har bir ayol – beshik tebratib aytgan allasi bilan go‘zal, yana qadrli.

Shunday boy meroslarimizni filial talaba-qizlari orasida targ‘ib qilish, shuningdek, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda faol ishtirok etishini ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish. Qizlarimizni turmushga, oilaga, kelajakda ona bo‘lishga tayyorlash maqsadida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali «Sport turlari» fakulteti dekani va Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha direktor maslahatchisi bilan hamkorlikda 28-fevral kuni «Onalar alla aytganda» mavzusida ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Tanlovni «Sport turlari» fakulteti dekani D.Nurishov kirish so‘zi bilan ochdi va barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyatlar tiladi.

Yuqori saviyada tashkil etilgan tanlovda barcha mutaxassisliklardan talaba-qizlar ishtirok etdi.

Tanlov shartlari bo‘yicha hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning alla aytish mahorati, milliyligi, jonli ovozda ijro etishi va alla mazmuniga alohida e’tibor qaratildi.

Musobaqa yakunida 1-o‘rinni «Voleybol» mutaxassisligi talabasi P.Baltabayeva, 2-o‘rinni «Badiiy gimnastika» mutaxassisligi talabasi M.Xo‘jambergenova, 3-o‘rinni «Velosport» mutaxassisligi talabasi D.Akmanova va «Karate» mutaxassisligi talabasi Sh.Urazbayevalar egalladi.

Ularga tashkilotchilar tomonidan Diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar ham Faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Filial Matbuot xizmati.