Filialda uch avlod vakillari uchrashdi

Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialida «Uch avlod» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvni filial direktori, professor B.Erimbetov kirish so‘zi bilan ochib berdi va mehmonlarni talaba-yoshlarga tanishtirib o‘tdi.

Tadbirda kurash sport turi bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan Serik Jusupbekov, kurash sport turi bo‘yicha 13 marotaba O‘zbekiston chempioni bo‘lgan Jalg‘as Tajimuratov, sportning erkin kurash va sambo turi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni Maqset Qutlimuratov va yaqinda Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionatida chempion bo‘lgan sportchi Nurbek Sarsenbaevlar talaba-yoshlar bilan suhbatlashdi.

Ular talabalarga sportning o‘ziga xos qiyinchiliklari, g‘alabaga erishish uchun qilinadigan mashqlar, yurtimizda sportni rivojlantirish yo‘nalishida qilingan va qilinayotgan ishlar, musobaqada raqib ustidan g‘alaba qozonish zavqi, ustoz bo‘lish baxti, shogird tayyorlash tartibi va shogirdlarining g‘alabaga erishgandagi quvonchlari haqida suhbatlashdi. Shuningdek, har bir talabani chuqur bilim olishga, sport bilan muntazam shug‘ullanishga, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga va kelajakda mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan yoshlar bo‘lib yetishishlariga tilak bildirdi.

Talaba-yoshlar sportga, sportning rivojlanishiga va mamlakatimiz bayrog‘ini xalqaro sport arenalarida balanddan hilpirashiga salmoqli hissa qo‘shgan, veteran, shogirdlar tayyorlayotgan va o‘zi yosh bo‘lishiga qaramasdan bir qator yutuqlarga erishgan sportchilardan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.

Filial Matbuot xizmati.