Shrift o‘lchami

Ko‘rinish

O'ZBEKISTON DAVLAT JISMONIY TARBIYA VA SPORT UNIVERSITETI NUKUS FILIALI
O'ZBEKISTON DAVLAT
JISMONIY TARBIYA VA SPORT
UNIVERSITETI NUKUS FILIALI

Filial direktori «QS Yevroosiyo 2025» forumida ishtirok etmoqda

Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2025-yil 02-PA 1/1-3868-sonli topshirig‘iga muvofiq mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi rivojiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan yirik xalqaro tadbir – «QS Yevroosiyo forumi 2025» o‘tkazilmoqda.

Forum – O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytinglardagi o‘rnini yanada mustahkamlash, reyting tashkilotlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, oliy ta’lim tizimidagi islohotlarni keng yoritish, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va ta’lim xizmatlari eksportini oshirish ko‘zda tutilgan.

Mazkur forum Markaziy Osiyo universiteti (Central Asian University) va dunyoga mashhur «QS» xalqaro reyting agentligi hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, unda mintaqa va dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari vakillari, xalqaro ekspertlar, ilmiy-tadqiqot markazlari mutaxassislari hamda ta’lim sohasi bo‘yicha yetakchi mutasaddilar ishtirok etmoqda.

Forumda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali direktori, professor B.Erimbetov ham ishtirok etmoqda. Forumda filial direktori xorijiy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va reyting agentliklari bilan tajriba almashish, filialning global maydondagi o‘rnini mustahkamlash va xalqaro loyihalarda ishtirok etish ko‘lamini kengaytirish masalalarida faol muzokaralar olib bormoqda.

Tadbir doirasida O‘zbekiston va qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik shartnomalarini imzolash, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, xalqaro ilmiy loyihalar va akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishish rejalashtirilgan. Ushbu kelishuvlar respublikamiz oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va jahon miqyosidagi integratsiyani kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Filial Matbuot xizmati.