Rossiyalik va o‘zbekistonlik tajribali murabbiylar filial professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun ilmiy-amaliy seminar o‘tkazdi

Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi bilan hamkorlikda filial professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun ilmiy-amaliy seminar tashkil etdi.

Seminarni filial direktori, professor Bayrambay Erimbetov kirish so‘zi bilan ochib berdi va ilmiy-amaliy seminar ishtirokchilarini kelgan mehmonlar bilan tanishtirdi.

So‘ng O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi raisining o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor To‘xtaboyev Nizomjon Tursunaliyevich «Prezident olimpiadasi va xalqaro sport musobaqalari,» olimpiya va paralimpiya o‘yinlari, Jahon chempionati va kubogi, O‘zbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida sportchilarning ishtiroki bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalarini berdi. Shundan so‘ng Rossiya Federatsiyasidan kelgan Rossiyada xizmat ko‘rsatgan murabbiy Kolodko Nikolay Aleksandrovich yengil atletikaning uloqtirish turlarini rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy metodikalar haqida suhbatlashdi, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan murabbiy, Xalqaro darajadagi sport ustasi Dementev Sergey Borisovich esa «Yengil atletikaning qisqa masofaga yugurish turlarini rivojlantirishning zamonaviy usullari» mavzusida ma’ruza qildi.

Ilmiy-amaliy seminar o‘zining muhimligi bilan ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi.

Filial Matbuot xizmati.