Shrift o‘lchami

Ko‘rinish

O'ZBEKISTON DAVLAT JISMONIY TARBIYA VA SPORT UNIVERSITETI NUKUS FILIALI
O'ZBEKISTON DAVLAT
JISMONIY TARBIYA VA SPORT
UNIVERSITETI NUKUS FILIALI

Yana ikki kundan so’ng Toshkentda Osiyo chempionati boshlanadi

Toshkentda boks bo’yicha 22 yoshgacha bo’lgan sportchilar o’rtasidagi qit’a chempionati boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi.

Xabar berganimizdek, joriy yilning 20-30 yanvar kunlari o’tkaziladigan chempionatda qozog’istonlik bokschilar qatnashmaydi.

Bugun 18 yanvar kungi holat bo’yicha yana ikkita terma jamoa mamlakatimiz poytaxtida o’tadigan nufuzli musobaqada epidemiologik vaziyat tufayli ishtirok etmasligini bildirgan.

Hindiston va Tailand vakillari ilk bor o’tkazilayotgan mazkur qit’a chempionatida qatnashmasligini ma’lum qilgan bo’lsa, Saudiya Arabistoni va Yaponiya terma jamoalari shu kunlarda Toshkentda musobaqalarga hozirlik ko’rmoqda.

O’zbekiston boks federatsiyasidan bildirishlaricha, ayni kunlarda ayollar va erkaklar o’rtasidagi qit’a chempionati o’tkaziladigan “Universal” sport majmuasida tayyorgarlik ishlari qizg’in olib borilmoqda.

Chempionatning rasmiy ochilish marosimi 22 yanvar  kuni o’tkaziladi. 21 yanvar kuni esa mandat komissiyasining yig’ilishi hamda qur’a tashlash marosimi bo’lib o’tadi.

Ushbu chempionatda vatanimiz sharafini himoya qiladigan erkaklar terma jamoasini musobaqalarga To’lqin Qilichev boshchiligidagi murabbiylar tayyorlagan bo’lsa, ayollar jamoasini tajribali mutaxassislar Lochin Qo’chqorov va Elshod Rasulov hozirlashdi.

Har ikkala terma jamoa kecha Toshkent viloyatidagi “Yangiobod” sport majmuasida so’nggi mashg’ulotlarni o’tkazdi.

Eslatib o’tamiz, Osiyo chempionatida qit’aning 20 ga yaqin davlatidan 200 nafarga yaqin charm qo’lqop ustalari qatnashishi kutilmoqda.

Unda erkaklar 13 ta vaznda, qizlar 12 ta vaznda bahslashishadi.

 

To’lqin Ro’ziev,
O’zA