Kurash bo’yicha mutaxassislarni tayyorlash tizimi xalqaro talablarga javob beradimi?
O’zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti sport majmuasida Osiyo mamlakatlari kurash federatsiyalari murabbiylari uchun xalqaro onlayn seminar o’tkazildi.
Unda qit’aning Eron, Afg’oniston, Quvayt, Iroq, Livan, Iordaniya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg’iziston, Qozog’iston va o’zbekistonlik 200 nafarga yaqin mutaxassislar qatnashdi.
Ahamiyatlisi, kurash bo’yicha xalqaro talablarga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish orqali milliy sportimizni yanada keng ommalashtirishga qaratilgan mazkur seminarda murabbiylarga Xalqaro kurash instituti va Xalqaro kurash assotsiatsiyasi ekspertlari tomonidan kurash usullari asosidagi qoidalar ham amaliy, ham nazariy tarzda ko’rsatib utildi.
Seminar davomida milliy qadriyatlarimizning bir bo’g’ini bo’lgan kurashni rivojlantirishga qo’shayotgan hissasi uchun Xalqaro kurash instituti faxriy rektori B.Valiev, institut mutaxassislari B.Abduvaliev va B.Abdulaev Turizm va sport vazirligi tomonidan “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko’krak nishoni bilan taqdirlandi.
Aytish lozimki, o’tgan davr mobaynida milliy sportimiz targ’ibotini kuchaytirish maqsadida Xalqaro kurash instituti tomonidan 80 dan ziyod o’quv kurslari, mashg’ulotlar, hakamlik seminarlari va ko’rgazmali chiqishlar tashkil etildi.
Joriy yil davomida ham 6 ta onlayn va 4 ta oflayn o’quv seminarlarini tashkil etish rejalashtirilgan, deyiladi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabarida.
O’zA


