Logo
O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali

Komiljon To’xtaev: “4 kundan so’ng Pekinga yo’l olaman”

8 kundan so’ng Xitoy poytaxti Pekinda XXIV qishki olimpiya o’yinlarining tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tadi.

 

Xabar berganimizdek, dunyoning 100 ga yaqin davlatidan 4 ming nafardan ziyod sportchilar qatnashadigan olimpiya o’yinlarining tog’ chang’isi bahslarida hamyurtimiz Komiljon To’xtaev O’zbekiston sharafini himoya qiladi.

Shu kunlarda Italiyadagi “Kronplatz Racing Center” majmuasida tayyorgarlik mashg’ulotlarini olib borayotgan Komiljon bilan bog’landik va so’nggi kungi mashg’ulot jarayonlari va qachon Olimpiya o’yinlariga yo’l olishi hamda qaysi kunlari bahslarga kirishishi bilan qiziqdik.

– Komiljon, Olimpiada oldi mashg’ulotlari nihoyasiga etib qoldimi?

– Olimpiada oldi mashg’ulotlarning yakunlanishiga yana 3 kun qoldi. Undan keyin bir kunlik tanaffus.

– Aynan qaysi kuni Italiyadan Xitoyga yo’l olasizlar?

– Kecha Pekinga chiptalarni oldik. Nasib etsa 1 fevral kuni samolyotga chiqamiz va 2 fevral kuni murabbiylarim hamrohligida Xitoydagi Olimpiya shaharchasiga etib boramiz.

– Qishki olimpiya o’yinlari dasturi bilan tanishmisiz?

– Albatta.

– Sizning ishtirokingizdagi bahslar qaysi kunlari o’tkaziladi?

– Olimpiya o’yinlari dasturi bilan tanishib chiqdik. Dasturga binoan tog’ chang’isining gigant slalom musobaqalari 13 fevralda, slalom bahslari 16 fevralda o’tkazilishi belgilangan.

– Pekinga etib borganingizdan keyin o’rtadagi ikki haftalik muddatda nimalar bilan band bo’lasizlar?

– Olimpiada dasturiga muvofiq, musobaqa maydoniga moslashish uchun so’nggi mashg’ulotlarni o’tkazamiz. Italiyada ham San-Marino va Gruziya sportchilari bilan birgalikda shug’ullangan edik. Pekinda ham ular bilan birgalikda mashg’ulotlarga kirishamiz.

– Olimpiya o’yinlaridagi bevosita ishtirokingizni ko’rish uchun Pekinga uydagilaringiz, xususan otangiz Ali To’xtaev ham etib keladimi?

– Bilasizki, qishki olimpiya o’yinlari murakkab epidemiologik sharoitda o’tkazilmoqda. Shu boisdan ham uydagilar, dadam bahslarni O’zbekistonda turib tomosha qilishadi. Lekin ular bilan kun ora gaplashib turibman.

– Kayfiyatlar qanday?

– Kayfiyatim a’lo. Davlatimiz tomonidan barcha shart-sharoit yaratib berildi. Qo’llab-quvvatlab turishibdi. Muhimi, ishonchni oqlashim kerak. Diqqat-e’tiborim olimpiya o’yinlarida munosib ishtirok etishga qaratilgan.

O’zA muxbiri To’lqin Ro’ziev suhbatlashdi