Filialda respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialida «Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashning dolzarb muammolari va yechimlari» mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlarining olimlari, yosh tadqiqotchilar, magistrantlar va talabalar ishtirok etdi.

Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali direktorining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari, p.f.d. (DSc), professor Mambetnazarov Islambek Muratbaevich so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini va shunday qo‘llab-quvvatlashlarning natijasida mamlakatimiz sportchilari tomonidan xalqaro sport arenalarida katta yutuqlar qo‘lga kiritilayotganini aytib o‘tdi hamda sohani yanada rivojlantirish uchun ilm-fan bilan yaqin hamkorlik qilish zarurligiga ham to‘xtalib, konferensiyaning kelgusi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Shundan so‘ng konferensiya o‘z ishini boshladi. Konferensiyada filialning «Yakka kurash sport turlari nazariyasi va metodikasi» kafedrasi dotsenti, p.i.b.f.d. (PhD) Ulug‘bek Jarilkapov «Erkin kurashchilarning texnik tayyorgarliklarini takomillashtirish metodikasi,» «Koordinatsion va siklik sport turlari nazariyasi va metodikasi» kafedrasi dotsenti Jonigul Berdimuratova «O‘quv-mashg‘ulot bosqichida shug‘ullanuvchi og‘ir atletikachi sportchi qizlarning mashg‘ulot yuklamalarini ishlab chiqishda uning metodik usullari va musobaqa faoliyatiga ta’siri,» shu kafedraning dotsenti Ixlos Utemuratov «Milliy o‘yinlar va xalq urf-odatlari orqali jismoniy tarbiya darslarida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini rivojlantirish,» «Jismoniy tarbiya nazariyasi, gumanitar va tabiiy fanlar» kafedrasi dotsent, psixologiya fanlari doktori. (PhD) Ulbosin Kalillayeva «Yuqori sport natijalariga erishishda psixologik tayyorgarlikning roli» mavzusida va boshqa bir qator oliy ta’lim muassasalari ishtirokchilari bugungi kunning dolzarb masalalari bo‘yicha ma’ruzalar qildi. Bu borada olimlar va mutaxassislar o‘z fikrlarini bildirdi.

Konferensiya yakunida ma’ruzachi va ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr va takliflarni inobatga olgan holda sport o‘yinlari turlarini ommaviy rivojlantirish chora-tadbirlari belgilab olindi.

Faol ishtirok etgan izlanuvchilar va talaba-yoshlar filial rahbariyati tomonidan sertifikat bilan taqdirlandi.

Filial Matbuot xizmati.