“Boyqush” qurilmasi Orol dengizi qurigan tubini yashillandirishga xizmat qiladi

Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ekologik muvozanatning buzilishi va iqlim oʻzgarishiga salbiy taʼsirini koʻrsatib kelmoqda. Mamlakatimizda ushbu ekologik muammoni ilmiy asosda yechishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Nukus shahrida boʻlib oʻtayotgan “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafoni respublika bosqichi ishtirokchilari orasida ushbu global muammoni bartaraf etishga yordam beradigan loyihalar va qurilmalarni ishlab chiqib, taqdimot qilayotgan yoshlar koʻpchilikni tashkil etadi.
Ulardan biri “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining 4-bosqich talabasi Numonjon Ibrohimov boʻlib, u mazkur marafonda “Agroqanot” jamoasi bilan birga “Boyqush” qurilmasi bilan ishtirok etmoqda.
– “Boyqush” qurilmasi qishloq xoʻjaligi ekin va dala maydonlariga avtomatlashtirilgan holda oʻsimlik urugʻlarini masofadan sepish va ekish uchun moʻljallangan uchuvchisiz boshqariladigan qurilma boʻlib, u shoʻrlanish darajasi yuqori boʻlgan Orol dengizining qurigan tubida saksovul oʻsimligi urugʻini yoyish uchun ham xizmat qiladi. Bizga maʼlum, dengizning qurigan shoʻrli tubida 2018-yilning dekabr oyidan buyon “yashil qoplamalar” himoya oʻrmonzorlarini barpo etish ishlari har yili olib borilmoqda. Buning natijasida hozirgi kungacha dengizning 1 million 730 ming gektardan ortiq hududida oʻrmonzor paydo boʻldi. Biz taklif qilayotgan ushbu qurilma orqali Orol dengizining qurigan tubida oʻsishga moslashgan saksovul oʻsimligi urugʻini sepish ishlarini samarali va kam xarajat sarflagan holda amalga oshirish imkoni bor, – deydi Numonjon biz bilan suhbatda.
Uning qoʻshimcha qilishicha, “Boyqush” qurilmasi bogʻdorchilikda daraxtlarni changlatish, qishloq xoʻjaligi asbob-uskunalarini tashish imkoniyatiga ham ega.
Filial Matbuot xizmati.