Nukus shahrida «Markaziy Osiyo pedagoglari» xalqaro forumi o‘tkazilmoqda

Bugun Nukus shahrida «Markaziy Osiyo pedagoglari» xalqaro forumi boshlandi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orınbayev so‘zga chiqib, mamlakatimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor haqida ta’kidlab o‘tdi.

Haqiqatan ham, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ta’lim-tarbiya tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, o‘quv jarayoniga ilg‘or tajribalar, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, pedagoglarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, o‘quvchi yoshlarga zamonaviy bilim va kasb-hunar sirlarini o‘rgatish borasidagi ishlar yangi bosqichlarga ko‘tarilmoqda.

O‘tkazilayotgan forumda Markaziy Osiyo davlatlarining yetakchi pedagoglari, ta’lim sohasi fidoyilari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, shuningdek, bir qator xalqaro tashkilotlar hamda Kembrij universiteti vakillari qatorida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali direktori, professor B.Erimbetov ham ishtirok etmoqda.

«Barqaror kelajak – ekologik ta’limdan boshlanadi» degan g‘oya asosida o‘tkazilayotgan bugungi Xalqaro forum Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashda, pedagoglar uchun tajriba almashish platformasini yaratishda va mintaqaviy ta’lim tizimini rivojlantirishda, xalqaro yaqin hamkorlikni yanada kengaytirishda muhim o‘rin tutadi.



©️Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Matbuot xizmati.