Logo
O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali

Og‘ir atletika: Xitoy jahon chempionatini qabul qila olmaydi

Bu haqda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) ma’lum qildi.

Joriy yil bir qator sport turlari bo‘yicha Parij-2024 o‘yinlariga reyting ochkolarni taqdim etadigan sport musobaqalari o‘tkazilishi belgilangan. 

Ana shunday bahslardan biri shu yilning oktyabr-noyabr oylarida Xitoyning Chunsin shahrida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tadigan jahon chempionati hisoblanayotgan edi. 

Biroq, 23 mart kuni Xitoy og‘ir atletika federatsiyasi mamlakatda koronavirus kasalligining yangi to‘lqini yoyilishi sababli ushbu chempionatni qabul qila olmasligi bo‘yicha Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasiga murojaat yo‘lladi. 

Aynan ushbu chempionatda jahon og‘ir atletikachilari 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlari uchun ilk reyting ochkolarini jamlashi lozim edi. 

Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) saytining ma’lum qilishicha, hozirda mazkur chempionatni qabul qiladigan yangi nomzod davlat qidirilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlaridagi og‘ir atletika bahslarining erkaklar va ayollar o‘rtasidagi vazn toifalari 5+5 etib tasdiqlangan.  

Ya’ni, Parij sport maydonlarida erkaklar 61, 73, 89, 102, +102 kilogrammda, ayollar  49, 59, 71, 81, +81 kilogrammda XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining medallari uchun kurash olib borishadi. 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA