Logo
O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali

Mustaqillik bayrami munosabati bilan bir qator chegirmalar e’lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 12-dekabrda “2022-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilingan edi.

Mazkur hujjatga muvofiq jori yildagi Mustaqillik bayrami munosabati bilan 1–2–3–4-sentyabr kunlari dam olish kuni deb e’lon qilingan.

Turizm va madaniy meros vazirligi Mustaqillik bayrami munosabati bilan aholining dam olish kunlarini maroqli tashkil etish hamda ichki turizmga jalb etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar tomonidan respublika bo‘ylab belgilangan chegirmalar to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etdi. Xususan, “Uzbekistan Airways” AJ Mustaqillik bayrami munosabati bilan 2022-yil 1–2–3–4-sentyabr kunlari amalga oshiriladigan barcha mahalliy aviaqatnovlarning barcha turdagi tariflariga 50 foiz chegirma e’lon qiladi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ  tomonidan respublikaning barcha ichki qatnovlari uchun bayram munosabati bilan e’lon qilingan dam olish kunlariga 10 foizdan 50 foizgacha chegirmalar belgilandi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi tasarrufidagi pullik kirish chiptalari joriy qilingan madaniy meros ob’ektlari – ziyoratgoh va qadamjolarda ham bayram kunlarida yurtimiz fuqarolari uchun kirish chiptalar narxiga 50 foiz chegirma joriy qilindi.

Shu bilan birga, respublika bo‘ylab joylashgan muzeylar, mehmonxonalar, ovqatlanish shoxobchalari tomonidan ham ixtiyoriy chegirmalar e’lon qilinishi ko‘zda tutilmoqda.  

Filial Matbuot xizmati