Logo
O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali

Xotin-qizlar o‘qishi uchun kreditlar ajratiladi

Vazirlar Mahkamasining “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olishi uchun ta’lim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qailindi.

Ushbu hujjatga muvofiq, oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt asosida o‘qishi uchun ta’lim kreditlarini ajratish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, Respublikadagi barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallarida kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakli bo‘yicha talaba xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari uchun 14 foiz stavkasida ta’lim krediti ajratiladi.

Ta’lim krediti ajratadigan tijorat banklari ro‘yxati Moliya vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. 

Ta’lim krediti kredit oluvchi tomonidan ta’lim tashkilotida ta’limning tegishli turi bo‘yicha rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi. 

Kreditning foiz to‘lovlari O‘zbekistan Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. 

Nizomga ko‘ra, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan ta’lim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmaydi.

Ta’lim kreditlari O‘zbekistan Respublikasi fuqarosi bo‘lgan respublikadagi barcha oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida (O‘zbekistan Respublikasi hududidagi xorijiy, davlat, nodavlat, oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari, ularning filiallarida), shu jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha bakalavriat, magistraturaning kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan yoki tavsiya etilgan, o‘qishini ko‘chirgan, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talaba xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qoplash uchun davlat byudjetidan ajratiladigan limit doirasida mablag‘lar yetarli bo‘lmagan holatlarda, shuningdek, kontrakt to‘lovlari qoplab berilmagan talaba xotin-qizlarga ajratiladi.

Bunda kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, turmush o‘rtog‘i) yoki uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida ta’lim krediti shartnomasida qatnashishlari mumkin. 

                                                                                                           O‘zA