Shrift o‘lchami

Ko‘rinish

O'ZBEKISTON DAVLAT JISMONIY TARBIYA VA SPORT UNIVERSITETI NUKUS FILIALI
O'ZBEKISTON DAVLAT
JISMONIY TARBIYA VA SPORT
UNIVERSITETI NUKUS FILIALI

Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali bitiruvchilarining mehnat bozoridagi natijalari va bitiruvchilar sifati indeksi

      Oliy ta’lim tizimining natijadorligi faqat ta’lim jarayoni, ilmiy faoliyat yoki mavjud resurslar bilan emas, balki bitiruvchilarning egallagan bilim va koʻnikmalarini mehnat bozorida qoʻllay olishi bilan ham belgilanadi.

        Shu nuqtayi nazardan, bitiruvchilarning ishga joylashish tezligi, bandligining barqarorligi, daromad darajasi va bandlik shakllari ta’lim dasturlarining mehnat bozori ehtiyojlariga qay darajada muvofiqligini baholashda muhim ahamiyatga ega.        
        Xalqaro amaliyotda ham ta’limdan mehnat faoliyatiga oʻtish natijalarini muntazam kuzatib borish ta’lim siyosati samaradorligini baholashning muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
        Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ta’limdan keyingi bandlik va daromad koʻrsatkichlarini ta’lim darajasi bilan iqtisodiy imkoniyatlar oʻrtasidagi bogʻliqlikni ifodalovchi asosiy mezonlar qatorida koʻrib chiqadi.
        Yevropa bitiruvchilarini kuzatish tashabbusi doirasida esa bitiruvchilarning keyingi ta’lim yoʻli, bandligi va kasbiy rivojlanishiga oid ma’lumotlarni tizimli yigʻish hamda mamlakatlar kesimida qiyoslashga alohida e’tibor qaratiladi.        
        Oʻzbekistonda oliy ta’lim qamrovining kengayishi, davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari sonining ortishi hamda mehnat bozorida malakaga boʻlgan talabning oʻzgarib borishi ta’lim natijalarini bitiruvchilarning keyingi faoliyati bilan bogʻliq holda baholash zaruratini kuchaytirmoqda. 
        Bunday sharoitda oliy ta’lim tashkilotlari natijalarini faqat qabul koʻrsatkichlari, ta’lim resurslari yoki bitiruvchilarning umumiy soni asosida baholash yetarli emas.        
        Bitiruvchilar sifati indeksi bitiruvchilarning ishga joylashish tezligi, barqaror bandligi, oʻrtacha oylik daromadi va bandlik shakllarini ma’muriy ma’lumotlar asosida oʻzaro bogʻliq holda baholash imkonini beradi. Mazkur yondashuv turli oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining mehnat bozoridagi natijalarini yagona metodologik asosda qiyoslash, mavjud farqlarni aniqlash va boshqaruv qarorlarini dalillarga tayangan holda qabul qilish uchun tahliliy asos yaratadi.   
        Mazkur bitiruvchilar sifati indeksi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan oliy ta’lim mussasalarini 2024/2025-oʻquv yili bitiruvchilarining mehnat bozoridagi natijalarini kompleks baholash, indeksni shakllantiruvchi koʻrsatkichlarni oliy ta’lim tashkilotlari va ularning toifalari kesimida qiyosiy tahlil qilish hamda ushbu indeks natijalarini ilmiy asosda talqin etildi.       
        Bitiruvchilarning mehnat bozoridagi natijalari ishga joylashish muddati, soʻnggi olti oy davomidagi barqaror bandlik holati, rasmiy oʻrtacha oylik daromad va bandlik shakli boʻyicha oʻrganildi. Natijalar respublika va hududlar, oliy ta’lim tashkilotlarining mulkchilik shakli hamda amaliy, tibbiyot, ijtimoiy-gumanitar va ijod (sport) toifalari kesimida qiyosiy tahlil qilindi.     
        Ijod (sport) toifasi san’at, madaniyat, musiqa, xoreografiya, dizayn kinematografiya va sport sohalari uchun kadrlar tayyorlovchi 12 ta oliy ta’lim tashkilotini qamrab oladi. 2024/2025 oʻquv yilida mazkur toifadagi 5 451 nafar bitiruvchining mehnat bozoridagi natijalari tahlil qilingan.  
        Ijod (sport) toifasidagi oliy ta’lim tashkilotlari orasida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali natijasi qayd etilib, indeks qiymati 62,5 ballni tashkil etgan hamda mazkur toifadagi kadrlar tayyorlovchi 12 ta oliy ta’lim tashkilotlari orasida yettinchi o’rinni egalladi.

Bunda filialining Bitiruvchilar sifati indeksi boʻyicha ko’rsatkichlari:

– bitiruvchilar soni – 142 nafar;

– bandlik toifasi yuqori koeffitsiyent – 92;

– oʻrta koeffitsiyent – 3;

– koeffitsiyentsiz – 29;

– oʻrtacha ishga joylashish tezligi – 2 oy 7 kun;

– oʻrtacha oylik daromadi 4,6mln soʻm;

– barqaror band bitiruvchilar ulushi 43,0% ni tashkil etgan.

 

Ramazanov Medetbay,

Ta’lim sifatini ta’minlash bo‘limi boshligʻi.